14 yanvar kuni Jahongir Artikxodjaev Pekinda “Ipak yo`li” fondining prezidenti Van Yan Chji bilan uchrashdi.
O`zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish hamda qo`shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama etildi.
Toshkent shahar hokimi “Ipak yo`li” fondning yurtimizdagi davlat hokimiyati organlari, tashkilot va idoralari bilan hamkorligi tobora mustahkamlanib borayotganligini e`tirof etdi. Bugungi kunda O`zbekiston poytaxtida shahar infratuzilmasi yanada rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar bo`yicha ish olib borilayotganligini, bular haqida 2019 yilning oktyabrida “Ipak yo`li” fondi prezidentining Toshkentga tashrifi chog`ida ham ma`lumotlar berilganligini aytib o`tdi. Shuningdek, yangi loyihalar bo`yicha Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlash ikki tomon uchun ham manfaatli bo`lishini ta`kidladi.
“Ipak yo`li” fondining prezidenti Van Yan Chji O`zbekistonga amalga oshirilgan tashrif va xulosalarini bayon etar ekan, o`zbeklarning yangilikka qiziqishi, mehnatkashligi va ishga munosabatini alohida qayd etdi. Xitoy tomoni poytaxt hokimligi tomonidan taklif etilgan loyihalarni o`rganib chiqqani, yo`l qurilishi hamda kanallar atrofini obodonlashtirishga yo`naltirilgan loyihalar ularda qiziqish uyg`otganligini bildirdi. Shuningdek, bu borada tegishli mutasaddilar bilan muloqotlar davom etishini, xususan, fevral oyida xitoylik mutaxassislar Toshkentga borib, qo`shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o`rganish ishlarini olib borishini, bu ishda ikki mamlakat kompaniyalari birgalikda ishtirok etishini aytib o`tdi.