Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi ma`lumotiga ko`ra, Xitoy Xalq Respublikasida koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan.
Xitoyning Uxan shahar sog`liqni saqlash qo`mitasi 2019 yilning dekabr oyining oxirida Xubey provinsiyasida noma`lum etiologiyali pnevmoniya kasalligi tarqalganligini ma`lum qildi, – deya xabar bermoqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i Muhammadjon Bozorov.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2020 yilning 11 yanvar holatiga Uxan shahrida 41 ta holatda virusli pnevmoniya kasalligi aniqlangan. Ulardan bir nafari vafot etgan, 6 nafari sog`ayib, shifoxonadan chiqarilgan. Bemorlarning ko`pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Ko`krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko`ra, ayrim holatlarda bemorlarning o`pkalari shikastlangan.
Bugungi kunda kasallikning odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan.
Yurtimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
– davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o`tayotgan yo`lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko`rigidan o`tkazishga alohida e`tibor qaratilmoqda;
– pnevmoniya va boshqa o`tkir respirator kasalliklari alomatlari bilan aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko`rilmoqda;
– gripp, O`RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalarini tayyorgarligini ta`minlash, bemorlarni davolash uchun dori-darmonlar va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi;
– Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo`lovchilar orasida gripp kasalligining og`ir turlariga, O`RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda;
– mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo`l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O`RI va o`tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlari to`g`risida tushuntirish ishlari o`tkazilmoqda.
Yuqumli kasalliklarning yurtimizga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo`yicha olib borilayotgan barcha chora-tadbirlar qat`iy nazoratga olingan.