Xabaringiz bor, Andijonlik bloger Otabek NuritbinovAndijon viloyat ma`muriy sudining 30.12.2019 yildagi qaroriga ko`ra, MJtKning 40-moddasi, 41-moddasi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, MJtKning 34-moddasi tartibida uzil-kesil o`tash 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan edi.
Ushbu muddat o`tib, kecha, bloger 14 yanvar kuni kechqurun ozodlikka chiqdi. Bu haqda «Gazeta.uz» blogerning advokati Umidbek Davlatovga tayanib xabar bermoqda. Unga ko`ra, bloger dastlab yangi tug`ilgan o`g`li va rafiqasini ko`rish uchun tug`uruqxonaga borgan.
Eslatib o`tamiz, 2019 yilning 30 dekabr kuni Asaka tumani hokimi Erkinjon Yoqubov, tumandagi 39-maktab direktori Muhayyo Isoqova, Andijon viloyat Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`i Furqat Buzrukov, shuningdek, «Suvoqova» korxonasining tuman bo`limi rahbari Bahodir Qahhorov bloger ustidan shikoyat qilgan edi.
Arizalar shu kunning o`zida ichki ishlar organlari tomonidan ko`rib chiqilib, ish qo`zg`atilgan, tergov o`tkazilgan va ish sudga oshirilgan edi. Andijon viloyati ma`muriy sudi Abdufatto Nuritdinovni tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topgan hamda unga 15 kunlik qamoq jazosini tayinlagan edi.
Sudda Abdufatto Nuritdinov o`ziga qo`yilgan ayblovni tan olmagan hamda o`z shaxsiy fikri haqorat qiluvchi va davlat organlari vakillari sha`nini toptovchi emas, deb hisoblashini aytgan. Shuningdek, bloger 30 dekabr kuni hech kimni haqorat qilmaganini ham ta`kidlagan edi.
4 yanvar kuni Andijon viloyati ma`muroy sudining kassasiya instansiyasi blogerning shikoyatini rad etgan va 30 dekabrdagi qaror o`zgarishsiz qoldirilgan edi. Andijonlik bloger ishiga munosabat bildirarkan, AOKA rahbari Komil Allamjonov tuhmat va haqorat uchun qamoq jazosini imkon qadar tezroq bekor qilish zarurligini ta`kidlagandi.
Bloger o`z postlarida asosan Asaka shahridagi mansabdorlar faoliyatidagi ehtimoliy korrupsion faktlar, byudjet mablag`larini o`g`irlash va talon-toroj qilish holatlari haqida yozgan.






