Jahongir Artikxodjaev Guandun provinsiyasining vise gubernatori Chjan Sin bilan uchrashdi.
Guanchjou shahrida bo`lib o`tgan uchrashuv do`stona aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratildi. Toshkent shahar hokimi Xitoy tomoniga samimiy qabul va mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekistonda Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik sherikchilik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlari yuksak qadrlanishini ma`lum qildi.
Xususan, Xitoy iqtisodiyotiga jalb qilinayotgan investisiyalarda Guandun provinsiyasining o`rni muhim ekanligini ta`kidlab o`tdi.
Bugungi kunda yurtimizda Guandun provinsiyasining «Huawei», «ZTE» kompaniyalari muvaffaqqiyatli faoliyat olib borayotganligi hamda «Midea», «Gree» va «TCL» kompaniyalarining mahsuloti keng tarqalganligini e`tirof etdi.
Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli bo`lishiga e`tibor qaratdi. Guandun kompaniyalari ega bo`lgan yuqori tajriba va ilg`or texnologiyalarni Toshkentdagi ishlab chiqarish jarayonlariga tadbiq etish taklifini bildirdi.
Shuningdek, O`zbekistonda turistlar uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlarga to`xtalib, bu sohada ham o`zaro aloqalarni rivojlantirish muhimligini aytib o`tdi.
Guandun provinsiyasining vise gubernatori Chjan Sin ham o`z navbatida O`zbekiston va Xitoy o`rtasidagi aloqalar Buyuk Ipak yo`li orqali azaldan rivojlangani hamda xitoyliklar o`zbek xalqi bilan har tomonlama hamkorlikni yuksak qadrlashini, endilikda sanoat, savdo-sotiq, ta`lim, fan hamda boshqa sohalardagi hamkorlik yangi pog`onaga ko`tarilishini qayd etdi.
Ma`lumot o`rnida qayd etish joiz, Hozirda Guandun provinsiyasi 19 shahar okrugi va subprovinsial ahamiyatga ega 2 shahardan iborat. Hududi 197 100 kv. km, aholisi 111 690 000 kishi. Poytaxti Guanchjou shahri.






