Pensiya va nafaqalar fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (O`zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti, chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning O`zbekiston Respublikasi hududida istiqomat uchun berilgan guvohnomasi) ma`lumotlariga ko`ra, har oyda amalga oshiriladi...
Bugungi kunda mamlakatimizda biometrik hamda nobiometrik pasportlar amalda bo`lib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyundagi “O`zbekiston Respublikasi aholisini biometrik pasportlar bilan rejali tartibda ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 494-son qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi hududida nobiometrik namunadagi pasportlarni biometrik pasportlarga almashtirish muddati 2019 yil 31 dekabr etib belgilangan.
Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi apparati bosh mutaxassisi Rustam Saidakbarovning darakchi.uz nashriga bergan xabariga ko`ra, Adliya vazirligidan 2018 yil 14 martda 2980-son bilan ro`yxatga olingan “O`zbekiston Respublikasi Aksiyadorlik tijorat Xalq banki bo`linmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to`lovlar to`lashni tashkil etish to`g`risida” Yo`riqnomaning 5-bandidaga ko`ra pensiyalar, nafaqalar va boshqa to`lovlar qaydnomalarga muvofiq har oyda etkazib berish (topshirish) davri mobaynida pensiya va nafaqa oluvchining yashash joyi bo`yicha shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda naqd pul shaklida topshiriladi. Yuqoridagilarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi hududida nobiometrik namunadagi pasportlarni muddati tugaganligi sababli joriy yilning fevral oyidan Xalq banki tomonidan naqd pul shaklida pensiya to`lovlari amalga oshirilmasligiga sabab bo`lishi mumkinligini ma`lum qilamiz.
Ma`lumot uchun: pensiya va nafaqa oluvchilarga istisno tariqasida 2020 yil yanvar oyi uchun to`lovlarni nobiometrik pasportga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuni inobatga olgan holda, pensiya va nafaqa oluvchilardan o`z nobiometrik pasportlarini fevral oyiga qadar almashtirishlari lozimligi eslatib o`tamiz. Zero, shaxsni tasdiqlovchi hujjat ma`lumotlarining eskiligi pensiya va nafaqa oluvchilarning moddiy ta`minotiga salbiy ta`sirini ko`rsatmasin.
"Darakchi" gazetasining 4-sonida mazkur masalaga oid batafsil ma`lumotlar va “2020 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonuni ijrosini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risidagi PQ-4555-son qarorida, 2020 yil 1 fevraldan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar, nafaqalar hamda kam ta`minlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam miqdori 1,07 barobarga oshirilishi yuzasidan yangi belgilangan ko`rsatkichlarni Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasining ijro etuvchi apparati bo`lim boshlig`i o`rinbosari Farrux SULAYMONOV hisob-kitob qilib beradi.
Cadoqat Allaberganova






