Ijtimoiy tarmoqdagi “Fransuz tili O`zbekistonda o`gaymi yoxud fransuz tili o`qituvchilarining taqdiri nima bo`ladi? Ularni nima kutmoqda?” nomli post e`lon qilngan. Ushbu xabarga Xalq ta`limi vazirligi munosabat bildirdi.
Umumiy o`rta ta`lim maktablarida qaysi xorijiy tilni o`qitish masalasi o`quvchilarning xohish-istaklari asosida ixtiyoriy hal etiladi. Maktab ma`muriyati biror xorijiy tilni o`qitilishini majburiy tartibda yo`lga qo`yish huquqiga ega emas. Buning uchun eng zaruriy shart - tanlangan xorijiy til bo`yicha maktab malakali o`qituvchi bilan ta`minlanganligi hisoblanadi.
2019-2020 o`quv yilida Xalq ta`limi vazirligi tasarrufidagi umumta`lim maktablarining 918 tasida fransuz tili xorijiy til sifatida o`qitildi. Ushbu maktablarda 221107 nafar o`quvchi fransuz tilini o`rganmoqda. Bundan tashqari, respublikamiz bo`yicha fransuz tilini chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan 10 ta maktab faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 avgustdagi 701-sonli “Umumiy o`rta ta`lim muassasalarida xorijiy tillarni o`qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda xorijiy tillarni, jumladan, fransuz tilini o`qitishni yanada kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. Mazkur qaror bilan respublikamizda fransuz tilini chuqurlashtirilgan holda o`qitishga ixtisoslashtirilgan 6 ta umumta`lim maktabi tashkil etildi.
Ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalarining 11-sinf bitiruvchilariga xalqaro tashkilotlarning O`zbekistondagi vakolatxonalari bilan birgalikda o`tkazilgan tanlov natijalariga ko`ra fransuz tilidan xalqaro imtihon natijalari bo`yicha Fransiyaning Test DELF (Diplome d’Études en Langue Française — fransuz tilini o`rganganligi to`g`risida) sertifikati berish amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Oliy ta`lim muassasalarining xorijiy filologiya yo`nalishini tamomlagan mutaxassislarni istisno tariqasida, 2020-2021 o`quv yilidan boshlab, fransuz tili mutaxassisligi bo`yicha bepul qayta tayyorlash amalga oshiriladi.
Fransiyaning O`zbekistondagi elchixonasi hamda Xalq ta`limi vazirligi hamkorligida yurtimizdagi umumta`lim maktablarida faoliyat ko`rsatayotgan fransuz tili o`qituvchilarining muntazam ravishda Fransiya Respublikasi malaka oshirish dasturlaridagi ishtiroki yo`lga qo`yilgan. Jumladan, 2019 yilning 8-21 iyul kunlari 5 nafar, 2-13 dekabr kunlari 5 nafar o`qituvchilar Fransiyaning Monpele shahridagi til o`rgatish markazida malaka oshirib qaytdi.






