Navoiy viloyati hokimi direktorning shartiga rozi bo`ldi va natijada Navoiy shahrida ham Buxoro viloyatining Xalqaro matematika faniga ixtisoslashtirilgan “Qorako`l maktabi” bilan hamkorlikda Navoiy-Qorako`l maktab internatiga asos solindi.
Maktabda matematika, fizika va ingliz tili darslari chuqurlashtirilgan holda o`tiladi. Bugun ushbu ta`lim dargohining taqdimot marosimi tantanalari o`tkazildi.
Darvoqe, viloyat hokimiga qo`yilgan shartga kelsak, uni “Qorako`l maktabi” direktori Temur Ro`ziev qo`yib, o`quvchilar va mutaxassis ustoz kadrlarni tanlashda chetdan aralashuvga yo`l qo`ymaslikni ta`minlashdan iborat edi.
Shu asosda o`tgan yilning yozida Navoiy-Qorako`l maktab internatining 7 – 10 sinflariga 240 nafar o`quvchi tanlab olindi. Internat 500 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, u Navoiy shahridagi sobiq Texnika kasb-hunar kolleji binosida o`z faoliyatini boshladi. Bino tubdan ta`mirlanib, eng zamonaviy o`quv va kompyuter jihozlari bilan ta`minlandi.






