Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondi 21 dona qadimgi Naxshab tangalari bilan boyigani haqida xabar bermoqda. Ushbu tangalar eramizning IV-VI asrlariga taalluqliligi va Janubiy Sug`d tangalari ekanligi ma`lum qilinmoqda.

Tangalar bir xil nominalda bo`lib, avers va revers qismlarida o`z davriga xos bo`lgan tasvirlar tushirilgan. Jumladan, tangalarning avers qismida Naxshab hokimining chapga qarab turgan tasviri berilgan. Uning yuzi ancha cho`ziq, bu esa eftalitlar qiyofasiga mansub hukmdor deb xulosa chiqarishga asos bo`ldi. Bu hukmdorning soch turmagi butun Sug`d tangalari uchun xos bo`lmagan ko`rinishda: hukmdor sochlari yirik, to`g`ri kokillardan iborat peshona gajagi bor. Tangalarning revers qismida o`sha davr Janubiy Sug`d siyosatida katta ahamiyatga ega bo`lgan mifologik tasvir – gerb shaklida aks ettirilgan. Ya`ni soch turmakli hukmdor orqa oyoqlarida turgan sherga kalta qilich sanchmoqda. Hayvon dumi yuqoriga qayrilgan, u hukmdor qo`lidagi kalta qilichni old oyoqlari bilan urib tushirmoqchi bo`lib turibdi. Hukmdorning egnida tizzagacha tushadigan, chamasi, himoya qiluvchi yopinchiq.

Ehtimol, zulmat va ibtidoiy bosh-boshdoqlikni aks ettiruvchi yaqin Sharqlik Marduk bilan Tiamataning yakkama-yakka olishuvi manzarasi aks etgan, xususan qahramon podshohning afsonaviy mahluq ustidan g`olib kelishi tangalarda o`z aksini topgan. U hukmdorning Naxshabda IV-VI asrlarda siyosiy, diniy hokimiyatga ega bo`lish huquqining qonuniyligini ifoda etgan.






