Poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Birinchi Evropa va Osiyo mamlakatlari iste`molchilar forumi o`z ishini boshladi. Bu haqda darakchi.uzga O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining Matbuot xizmati ma`lum qildi.
O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan Xalqaro iste`molchilar konfederasiyasi hamda “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Evropa va Osiyo qit`alaridagi 30 ga yaqin davlatdan sohada faoliyat olib borayotgan 250 dan ziyod mutaxassis ishtirok etmoqda.
Forumdan ko`zlangan maqsad iste`molchilar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli institutlari etakchi vakillari, davlat va jamoat arboblari, etakchi ekspertlar ishtirokida sohaning dolzarb muammolari, yangicha tamoyillar, elektron tijorat va turizm sohalarida iste`molchilar huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama etish, globallashuv sharoitida yo`nalishga doir xalqaro hamkorlik istiqbollarini belgilab olish, o`zaro tajriba almashish, muhim taklif, tashabbuslarni ilgari surishdan iborat.
Anjuman doirasida O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining xalqaro munosabatlarini mustahkamlash masalalari ham diqqat markazida bo`ladi.






