Joriy yilning 15 yanvar kuni ijtimoiy tarmoq orqali “Dam olish kuni bo`lmasa-da, maktab o`quvchilariga dars o`tilmadi” sarlavhasi ostida Kattaqo`rg`on tumani xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 26-umumta`lim maktabidagi holat bo`yicha ma`lumot tarqaldi. Mazkur holatga Samarqand viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan munosabat bildirildi.
Unga ko`ra, joriy yilning 14 yanvar kuni Kattaqo`rg`on tumani xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 26-umumta`lim maktabi direktori Sh.M. maktabda pedagogik kengash o`tkazish maqsadida o`quv tarbiya ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari O`.N. orqali boshlang`ich sinf o`quvchilariga darsga kelmaslik bo`yicha topshiriq beradi. Natijada shu kuni maktabning 1-, 2-, 3- va 4-sinf o`quvchilari dars mashg`ulotlariga kelmaydi.
Holat yuzasidan 2020 yil 14 yanvar kuni Kattaqo`rg`on tuman adliya bo`limi hamda tuman xalq ta`limi bo`limi mas`ul xodimlari tomonidan o`rganish ishlari olib borilib, o`quvchilarning haqiqatan darsga kelmaganligi va uning sabablariga aniqlik kiritilgan.
Hozirgi kunda 26-umumta`lim maktabi direktori Sh.M. o`z arizasiga muvofiq lavozimidan ozod etildi.






