Ichki ishlar organlari tizimiga innovasion texnologiyalar joriy etilishi fuqarolar xavfsizligini ta`minlash bilan bir qatorda, ko`plab jinoyatlarni, jinoiy xatti-harakatlarni fosh etishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunda ichki ishlar organlarining qator xizmatlarida video kameralardan unumli foydalanib kelinmoqda.
Jumladan, bu yangilik joriy etilgan Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yo`l harakati xavfsizligi xizmatida uning samaralari yanada yaqqolroq namoyon bo`lmoqda. Bugungi kunda viloyat yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jami 51 video kameradan foydalangan holda harakatlanish xavfsizligini ta`minlab kelmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabar berdi.
2019 yilda mazkur video kameralar yordamida jami 220 ming qoidabuzarlik aniqlanib, 15 transport vositasini olib qochish va 13 yo`l-transport hodisasi sodir etib voqea joyidan qochib ketish jinoyati fosh etildi.
Shu jumladan, viloyat post patrul xizmati tasarrufida 2855 kuzatuv kamerasi mavjud bo`lib, ular asosan ommaviy tadbirlar o`tkaziladigan joylar, saylgohlar, savdo nuqtalari, dam olish maskanlari va aholi gavjum ko`chalarga, mahallalarga o`rnatilgan.
Video kameralarning samarasi, ayniqsa, mahallalarda va ko`p qavatli turar joy dahalarida ko`proq sezilmoqda. Hududlardagi profilaktika inspektorlari ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari vakillari bilan hamkorlikda video kameralardan unumli foydalanishmoqda. Kameralar o`rnatilgan hududlarda huquqbuzarliklar va jinoyatlar soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Shularni inobatga olgan holda viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi viloyat hududida video kuzatuv kameralar sonini yanada oshirish va ular ko`magida huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishni rejalashtirgan.
O`ylaymizki, amalga oshirilayotgan bu sa`y harakatlar viloyat hududida fuqarolar osoyishtaligini ta`minlashga ijobiy ulush qo`shadi.






