1

Islom Karimov nomidagi universitetning Nukusda filiali tashkil etiladi

Jamiyat 18.01.2020, 11:41
Islom Karimov nomidagi universitetning Nukusda filiali tashkil etiladi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filiali tashkil etiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi joylashtirildi.

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qoraqalpog`iston respublikasi Vazirlar Kengashining Nukus shahrida Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filialini tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Filial Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi, O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o`z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G`aznachiligida shaxsiy g`azna hisob varaqlariga ega bo`ladi.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, elektr energetikasi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish, mashinasozlik texnologiyasi va mashinasozlik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish yo`nalishlari bo`yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta`minlash;

talabalar amaliyotini Tebinbuloq kon negizidagi kon-metallurgiya kompleksida tashkil etish va ularga ishlash imkoniyatini yaratish;

xorijiy davlatlarning etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan, jumladan, kon-metallurgiya sohasida Rossiya Federasiyasining etakchi oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda qo`shma ta`lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;

kon-metallurgiya sohasining barcha yo`nalishlari bo`yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovasion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;

o`quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta`lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy etakchi oliy ta`lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;

respublika va xorijiy oliy ta`lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;

Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta`lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg`or xalqaro tajribani tatbiq qilish;

vebinar ta`lim usullarini joriy etish va rivojlantirish.

Belgilanishicha, Filialda o`quv jarayoni 2020/2021 o`quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

•    O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari;

•    to`lov-kontrakt asosida o`qitishdan tushadigan mablag`lar;

•    xo`jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko`rsatishdan tushadigan tushumlar;

•    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

•    xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo`yilishicha:

Filialni saqlash xarajatlari 2020 yilda “Maorif” sohasi bo`yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2021 yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag`lar doirasida amalga oshiriladi;

Filialning boshlang`ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy ta`mirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, o`quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish) ishlari Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobiga qoplanadi.

Ma`lumot uchun, bugungi kunda Olmaliq, Termiz va Qo`qon shaharlarida Toshkent davlat texnika universitetining filiallari faoliyat yuritadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1