2020 yilning 14 yanvar kuni tunda Kosonda 164 tup daraxtdan iborat katta tutzor yo`q qilingan. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Mazkur tutzor joylashgan hududida yashovchi aholi bir necha oydan beri tutzorni saqlab qolish uchun kurashib kelayotgan edi. Ammo afsuski, mazkur tutzor bir kechada buzilib, o`rnida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi qurilishi boshlab yuborildi.
Sal avval hokimlik vakillari holat yuzasidan izoh berarkan, «Hech qanaqa «zapravka» qurilmaydi, qurilish hokim qarori bilan to`xtatilgan» deya ma`lumot bergandi. Ma`lum bo`lishicha, xuddi shu mazmundagi ma`lumot tutzorni saqlab qolishga urinayotgan Quyi obron mahallasi faoliga ham yuborilgan.
Aholi vakillari tutlarni kesgan odam bilan bo`lib o`tgan suhbatni tasvirga olgan. Mahalla faoli Abdurahmon Jo`raevga ko`ra, tutzorni yo`q qilgan odam xuddi o`sha – bundan bir necha oy oldin shu tutzor o`rnida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi qurmoqchi bo`lgan «Iftixor gaz servis» MChJ xodimi ekan.
Ko`rinib turibdiki, mazkur korxona hali ham tutzorlarni yo`q qilib, o`rnida aholining noroziligiga qaramay «zapravka» qurish rejasidan voz kechmagan.
"Bu hududda gaz quyish shoxobchasi qurish mumkin yoki yo`qligi o`rganish lozim bo`lgan alohida masala. Biz esa e`tiboringizni masalaning ikkinchi tomoniga qaratmoqchimiz, – deb yozadi Kun.uz muxbiri. – Aytilganidek, daraxtlar 14 yanvar kuni kechasi kesib tashlangan. Oradan besh kun o`tdi. Nega hamon atrofni-muhitni muhofaza qilish, IIB va boshqa idoralar ushbu qonubuzilish bo`yicha biror harakatni amalga oshirmagan. Axir, tutzorlar, umuman, qonun faqat Quyi obronliklarniki emas-ku?
Xullas, mahalla ahli qo`lidan kelguncha harakat qildi, barcha idoralarga murojaat qildi. Bir necha marta daraxtlar kesilishining oldi olindi ham. Lekin qachongacha faqat aholining o`zi kurashishi kerak qonunsizlik bilan? Quyi obronliklar ana shu savollarga javob kutyapti."






