Poytaxt jamoat transportida aholiga ko`rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash, tizimda raqobat muhitini shakllantirish maqsadida «Toshshahartransxizmat» AJ yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi xususiy korxonalar bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishni boshladi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Xususan, shu kunga qadar “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan xizmat ko`rsatib kelingan 129-“Aviyasozlar shaharchasi — Yunusobod 17 mavze” yo`nalishi tenderga qadar “Alixan trans servis” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga biriktirildi.
Ushbu korxona tomonidan yo`nalishga Xitoyda Germaniya texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan “Asia star” rusumli 11 ta avtobuslar qo`yildi. Gaz yoqilg`isi bilan harakatlanuvchi mazkur transport vositasi 70 ta yo`lovchiga mo`ljallangan bo`lib, barcha qulayliklarga ega. Jumladan, kondisioner, pandus (nogironligi bo`lgan shaxslarning chiqib tushishlari uchun mo`ljallangan yo`lak), 5 ta kuzatuv kameralari, monitor, dvigatelda yong`inga qarshi ishlovchi avtomat tizim bilan jihozlangan.
Mazkur korxona faoliyati shahar yo`nalishida to`la o`rganiladi va boshqa yo`nalishlarga ham xususiy sektorni keng jalb etish choralari ko`riladi.
Eslatib o`tamiz, Buxoro shahrida aholiga bir necha yildan buyon transport xizmati ko`rsatib kelayotgan “Alixan Trans” MChJ korxonasi 2019 yilning avgust oyida 4 mln. AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga Xitoydan 65 ta zamonaviy “Asiastar Yaxing Wertstar” avtobuslarini olib kelgan edi.






