Toshkent shahar M.Ulug`bek tumanida joriy yilning 18 yanvar kuni soat 11:25 larda, TXAY - Durmon yo`li ko`chalari chorrahasida, 1993 yilda tug`ilgan Surxondaryo viloyati Termiz tumanida ro`yxatda turuvchi, hech qaerda ishlamaydigan, haydovchi D.Sh. “Spark” avtomobilida to`xtash to`g`risidagi ishora bergan YPX inspektorni urib yuborib voqea joyidan yashiringan.
Natijada inspektor O`.Qo`chqorov olgan tan jarohati tufayli IIV Markaziy gospitaliga yotqizilgan.
Haydovchiga to`xtash ishorasi dastavval xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib ketayotganligi sababli YPXB inspektori B.Sultonov tomonidan berilgan. Haydovchi xodimning qonuniy talablariga bo`ysunmasdan urib yuborib, voqea joyidan ketib qolib, keyingi Ziyolilar - T.Malik ko`chalari chorraxasida uni to`xtatish maqsadida oldiga chiqqan YPXB inspektori O`.Qo`chqorovning ham qonuniy talablariga bo`ysunmasdan, avtomobilning o`ng oldi tomoni bilan inspektorni urib yuborib voqea joyidan yashiringan.
Ko`rilgan tezkor choralar natijasida haydovchi D.Sh. ushlangan. Haydovchining hujjatlari tekshirilganda transport vositasini qayd etish guvohnomasi (texpasport) bo`lmagan.
Hozirda prokuratura idoralari tomonidan tergovoldi tekshiruv-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati.