AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “UzNEX” ilk kripto birjasi ochildi

'O`zbekistonda “UzNEX” ilk kripto birjasi ochildi'ning rasmi

Toshkentdagi Koreya madaniyat markazida 20 yanvar kuni xalqaro konferensiya o`tkazildi. Unda Markaziy Osiyoda birinchi bo`lgan “UzNEX” kripto birjasining ochilishi haqida e`lon qilindi. Konferensiyada blokcheyn sohasi bo`yicha Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapurning etakchi kompaniyalari rahbarlari, O`zbekistondagi vazirlik va idoralarining vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy raqamli resurslar taqdim etuvchi "UzNex" kripto birjasida O`zbekiston fuqarolari mobil ilovalar yordamida kripto valyutani sotib olishlari, sarmoya sifatida kiritishlari, shuningdek, yuqori daromadga erishayotgan professional investorlarning kundalik investision yondoshuvini o`rganish orqali uni tahlil qilishlari va o`rganishlari mumkin. Dunyodagi etakchi kripto birjalarning xavfsizlik bo`yicha ekspertlari uzluksiz platforma tizimini muntazam monitoring qilib boradi. Muhandislik texnologiyasi markazi esa jinoiy bitimlar bilan kurashish bo`yicha FATF maslahatlariga muvofiq, ixtisoslashtirilgan echimlar taqdim etadi.

O`zbekistondagi ilk kripto-birja – “UzNEX” ta`sischisi hisoblangan “KOBEA GROUP” kompaniyasi kelgusida O`zbekistonning etakchi oliy o`quv yurtlarida blokcheyn bo`yicha maxsus kafedralar ochishni rejalashtirmoqda. O`zbekistonda raqamli iqtisodiyot va blokcheynning imkoniyatlari istiqbolli deb baholanmoqda. Kompaniyalarga kriptoaktivlar borasida erkin faoliyat yuritishiga davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 sentyabrdagi qarori asos bo`ldi. Qaror asosida tashkil etilgan “Raqamli ishonch” jamg`armasining maqsadlari ham blokcheyn texnologiyasini rivojlantirish, ushbu texnologiyaning ijtimoiy-iqtisodiy sohada tutgan o`rni va vazifalari haqidagi ma`lumotlarni jamoatchilikka etkazishdan iborat.

Eslatib o`tamiz, loyiha boshqaruvi milliy agentligi Mobiuz va «O`zbekgidroenergo» davlat kompaniyalariga investorlarni jalb qilish maqsadida kripto aktivlarni birlamchi joylashtirish bo`yicha hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Ushbu hujjat tasdiqlansa, O`zbekiston dunyoda ushbu amaliyot joriy etilgan ilk davlatga aylanadi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasida kripto aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish to`g`risida”gi Qarorining loyihasi O`zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi saytida joylashtirilgan bo`lib, 31 yanvar kuniga qadar muhokama uchun ochiqdir.

    Boshqa yangiliklar