O`zbekiston yaqinda “Rostex” davlat korporasiyasiga qarashli “Shvabe” xoldingining Uraldagi korxonasida ishlab chiqarilgan issiqlik darajasini avtomatik ravishda saqlab turadigan neonatal stollarni qabul qilib oldi.
Yangi tug`ilgan chaqaloqlarni hayotga moslashtirish, tug`ruq majmualarida, tezkor terapiya va reanimasiya bo`limlarida ularni parvarishlashga mo`ljallangan mazkur qurilma go`dakni infraqizil nur bilan isitish tizimini muvofiqlashtirish va shoshilinch kislorod terapiyasi muolajasini amalga oshirishni ta`minlaydi.
Neonatal stolga qo`shimcha ravishda rentgenografiya, qon quyish, suyuq dori-darmon vositalarini belgilangan me`yorda yuborish, shuningdek yurak massaji uskunalarini ham o`rnatish mumkin.
Mahsulot E.S.Yalamov nomidagi “Shvabe” Ural optika-mexanika zavodida tayyorlangan va ishlab chiqarilgan. Bunday uskunalardan Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Ekaterinburg, Rostov, Qozon kabi ko`plab yirik shaharlari sog`liqni saqlash muassasalarida keng foydalanilmoqda.
– O`zbekistonga 16 ta neonatal stol jo`natdik, – deydi korxona Bosh direktori Anatoliy Sludnix. – Mahsulot zamonaviy tibbiyotning barcha talab va xususiyatlariga javob beradi, shuningdek soha mutaxassislari, klinikalar rahbarlari va xodimlarining ijobiy bahosiga sazovor bo`lmoqda. Uskunaning yuqori klinik samaradorligi, foydalanishga qulayligi va zamonaviy dizayni ham ko`p bor xaridorlar tomonidan e`tirof etildi.
Bugungi kunda O`zbekiston klinikalarida neonatal stollardan tashqari IDN-03 inkubatorlari va OFN-02 fototerapevtik nur uzatuvchilari ham amaliyotga joriy etilgan. Bundan tashqari 2019 yilning dekabrida mamlakat bozorlariga nafas olishni qo`llab-quvvatlovchi APDN-01 apparati hamda MAIA-01 ingalyasion anesteziya qurilmasining kattalar va bolalarga mo`ljallangan alohida turlari chiqarildi.
Qayd etish joiz, UOMZda ishlab chiqarilayotgan tibbiy texnik uskunalar Vengriya, Indoneziya, Singapur, Filippin, Armaniston, Qozog`iston, Qirg`iziston singari davlatlarga ham eksport qilinmoqda.






