"Potrebitel Buxara" kanalida bir mijoz to`lov qilish uchun Xalq banki kassasi xizmatidan foydalangani va shu paytda unga majburan lotereya chiptasi sotilganini yozgan.
Xalq banki matbuot kotibi Yunus Bo`ronovning rasmiy kanalida ushbu holat o`rganib chiqilgani aytilmoqda.
O`rganish natijasiga ko`ra, mijoz haydovchilik guvohnomasini olish uchun ikkinchi marta imtihon topshirishga kelgan va Xalq banki kassasi orqali to`lov qilmoqchi bo`lgan.
Kassaga to`lov qilib bo`lgach, kassir qiz mijozga Xalq bankining yangi mahsulotlarini, jumladan, qiymati 3 ming so`mlik "Omad qushi" lotereyasini ham tavsiya qilgan. Mijoz o`z xohishi bilan omadini sinab ko`rishga rozi bo`lgan, ammo lotereyadan yutuq chiqmagan.
Kassir qizning aytishicha, mijoz bilan hech qanday tortishuv yoki kelishmovchilik bo`lmagan.
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, Xalq banki mijozlarga o`z mahsulotlarini tavsiya etish, mijozlar esa bu tavsiyani qabul qilish yoki qilmaslik huquqiga ega.






