AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida 54 yoshli haydovchi odam urib ketib, qochib ketdi. Piyoda halok bo`lgan

'Toshkent viloyatida 54 yoshli haydovchi odam urib ketib, qochib ketdi. Piyoda halok bo`lgan'ning rasmi

Shu yil 20 yanvar kuni, soat taxminan 19:20 lar atrofida Piskent tumani Ichki ishlar bo`limiga “Andijon-Oxangaron-Guliston” avtomobil yo`lida yo`l-transport hodisasi sodir etilganligi haqidagi xabar kelib tushadi. Tezda voqea joyiga etib borgan YPX inspektorlari u erda shaxsi noma`lum bo`lgan fuqaro jonsiz holda yotganligini, atrofda esa hech kim yo`qligini ko`rishadi. Hodisani sodir etgan haydovchi jabrlanuvchiga yordam ko`rsatmasdan, bu haqda ichki ishlar organlariga xabar bermasdan, voqea joyidan qochib ketgan edi.

Shundan so`ng viloyat hududida noma`lum haydovchini aniqlash bo`yicha tezkor tadbirlar boshlab yuborildi. YPX inspektorlari voqea joyini sinchkovlik bilan ko`zdan kechira boshlashdi. Maqsad noma`lum transport vositasini aniqlashga yordam beruvchi biron bir ashyoviy dalilni topish edi. Uzoq qidiruvlardan so`ng tezkor xodimlardan biri YTX sodir bo`lgan joy yaqinidan kichik plastmassa bo`lagini topadi. Shundan boshqa hech narsa topilmaydi.

Bu orada qolgan xodimlar guvohlarni topish, holat yuzasidan ma`lumot yig`ish bilan shug`ullana boshlashdi. Topilgan plastmassa bo`lagi tekshiruvdan o`tkazilib, u “Spark” rusumidagi transport vositasiga tegishli ekanligi aniqlandi. Endi asosiy e`tibor “Spark” rusumidagi avtomobillarga qaratilishi lozim. Qidiruv jarayonida marhumning ham shaxsi aniqlandi. U shu tumanda yashagan 1965 yilda tug`ilgan fuqaro A.R. ekan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv va qidiruv tadbirlari natijasida nihoyat noma`lum avtomashina va uni boshqargan shaxs aniqlandi. Hozirgi kunda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ha, jinoyatga jazo muqarrar. Undan esa hech kim qochib qutula olmaydi. Shu sababli harakat ishtirokchilaridan “Yo`l harakati qoidalari”ga qat`iy amal qilish va yo`llarda harakatlanish jarayonida o`ta hushyor bo`lishlarini so`rab qolamiz, deyiladi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar