AsosiyJamiyat

Rossiyada YTH natijasida yana o`zbekistonliklar halok bo`ldi

'Rossiyada YTH natijasida yana o`zbekistonliklar halok bo`ldi'ning rasmi

Mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma`lumotlarga ko`ra 2020-yil 22-yanvar kuni Nijegorod viloyati Volodarsk tumani hududidagi M-7 Moskva – Nijniy Novgorod trassasida mikroavtobus ishtirokida yo`l-transport hodisasi yuz berib, uning oqibatida mazkur avtotransport haydovchisi, O`zbekiston fuqarosi B.X. olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etdi, deya ma`lum qildi TIV.

Bundan tashqari, shu kuni Chelyabinsk viloyati hududidagi Chelyabinsk-Troisk avtomobil yo`lida engil avtomashinaning yuk avtomashinasi bilan to`qnashishi sodir bo`ldi. Mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasining xabar qilishicha, YTH oqibatida engil avtomobilning haydovchisi va barcha yo`lovchilari, jumladan O`zbekiston fuqarosi V.P. halok bo`lgan.

O`zbekistonning Qozon va Ekaterinburg shaharlaridagi Bosh konsulxonalari vaziyatni nazoratga oldilar va Rossiya Nijegorod va Chelyabinsk viloyatlarining mahalliy vakolatli organlari bilan aloqada bo`lib turibdilar, halok bo`lganlarning jasadlarini vatanga yuborish bo`yicha konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilish bilan shug`ullanishmoqda.

Eslatib o`tamiz, sal avval xuddi shu kuni Aqtobe viloyati Irg`iz tumani hududida Samara-Chimkent avtomobil trassasida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasi oqibatida engil-avtomobil yo`lovchisi, O`zbekiston fuqarosi N.S. vafot etgani xabar qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar