O`zbekistonning Xitoydagi Elchixonasi Xubey provinsiyasining Uxan shahrida koronavirus tarqalishiga oid vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Bu haqda TIV Konsullik-huquqiy departamenti axborot berdi.
Rasmiylarga ko`ra, shaharda maxsus shoshilinch shtab joylashtirilgan va 2020 yil 23 yanvar soat 10:00 dan boshlab jamoat transporti (avtobuslar, metro, paromlar va boshqalar) vaqtincha to`xtatildi, aeroport va temir yo`l stansiyalaridan chiqadigan reyslar bekor qilindi.
Shahardan chiqish yo`llari yopilgan. Shaharning barcha transport vositalari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan nazoratga olingan.
Ma`lumotlarga ko`ra Uxan shahrida 250 nafar atrofida O`zbekiston fuqarolari, asosan oliy ta`lim muassasalari talabalari yashaydi. Ularning nisbatan ko`pchiligi semestr yakunlanganligi sababli vatanga qaytishgan. Elchixona ma`lumoti bo`yicha hozirda shaharda 30 ortiq O`zbekiston fuqarolari bo`lishi mumkin. Ularga konsullik-huquqiy yordam ko`rsatish uchun «Wechat» ijtimoiy tarmog`ida «Uxan 2020 O`zbekiston» guruhi tuzildi. Talabalarga xotirjamlikni saqlash, zaruriy ehtiyot va profilaktika choralariga amal qilish kerakligi tushuntirildi, Elchixona konsullik bo`limi xodimlarining telefon raqamlari berildi.
Mazkur yo`nalishda ishlar davom ettirilmoqda.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti Xitoy hududidagi O`zbekiston fuqarolariga zarurat tug`ilgan holatlarda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga (tel.: +8610-6532-6305) hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga (tel.: +8621-6307-1896) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tadi.