1

Navoiyda noto`g`ri operasiya natijasida vafot etgani aytilayotgan yigit yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi

Jamiyat 25.01.2020, 18:35
Navoiyda noto`g`ri operasiya natijasida vafot etgani aytilayotgan yigit yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidan Hushandon Abdullaevaning o`z farzandi Azamat Abdullaevga shifokorlar to`g`ri tashxis qo`ya olmagani va qilingan noto`g`ri operasiya natijasida vafot etgani haqida xabar tarqaldi.

Mazkur —  shifokorlarga nisbatan onaning noroziligi aks etgan videoxabar Navoiy viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o`rganildi.

Unga ko`ra, Karmana tuman Yuqori Bug` MFYda istiqomat qiluvchi, 1994 yilda tug`ilgan bemor A. Abdullaev 2019 yil 11 oktyabr kuni tuman markaziy shifoxonasi yuqumli kasalliklar bo`limiga “O`tkir respirator infeksiyasi, dispeptik sindrom” dastlabki tashxisi bilan yotqizilgan. Unga belgilangan davolash diagnostika standartlari asosida davo muolajalari olib borilgan.

Ammo 13 oktyabr kuni bemorda ichak tutilishi belgilari paydo bo`lganligi uchun jarroh mutaxassislar maslahati tashkil etilib, u ko`rikdan o`tkazilgan va “Chandiq kasalligi, o`tkir qisman chandiqli ichak tutilishi” tashxisi bilan jarrohlik bo`limiga o`tkazilgan. Bo`limda bemorga davolash diagnostika standartlari asosida tibbiy yordam ko`rsatilgan.

O`tkazilgan tekshirish va mutaxassislar xulosasiga ko`ra, bemorga “Chandiq kasalligi, o`tkir chandiqli ichak tutilishi, peritonit” tashxisi qo`yilib, shoshilinch jarrohlik amaliyoti o`tkazish xulosasiga kelingan. 14 oktyabr kuni bemorning ota-onasi va o`ziga kasalligi to`g`risida to`liq ma`lumot berilib, jarrohlik amaliyoti tavsiya etilgan. Lekin bemorning o`zi, otasi va onasi tomonidan “bemorda bir necha marta mustaqil ichi kelganligi sababli yaxshi bo`lib qolar” degan fikrni aytib, jarrohlik amaliyotiga keskin qarshiligini bildirgan va tilxat yozib berishi so`ralganda, tilxat yozishdan bosh tortgan. Bemorning ota-onasi va o`zi tomonidan jarrohlik amaliyotidan bosh tortganligi kasallik tarixida qayd etilgan.

16 oktyabr kuni bemorning ahvoli yanada og`irlashgani bois tuman tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo`limi mudiri Sh.Irgashev tomonidan bemorning ota-onasi va qarindoshlari chaqirilib, bemorning ahvoli og`irlashgani ko`rsatilgan va kasallik o`tkazib yuborilgani, kasallikning og`ir asoratlari namoyon bo`lganligi, kilinishi lozim bo`lgan jarrohlik amaliyoti juda kechikkanligi va bunga o`zlari sababchi bulganligi tushuntirilib, shoshilinch jarrohlik amaliyoti o`tkazishga yozma ravishda roziligi olingan.

Shundan so`ngi bemor shoshilinch ravishda jarrohlik amaliyotiga olingan. Amaliyot vaqtida ingichka ichak va ko`r ichak to`liq qorayib nekrozga uchraganligi (chiriganligi) aniqlandi. Bemorning chirigan ichaklari to`liq olib tashlangan. Bemor o`ta og`ir ahvolda reanimasiya bo`limiga o`tkazilib, barcha shart-sharoitlar yaratilib, alohida palata tashkil etilgan. Bemor barcha kerakli davolash muolajalarini olgan. Viloyat ixtisoslashtirilgan muassasalarining malakali mutaxassislari va Samarqand tibbiyot institutidan tibbiyot fanlari nomzodi I.Shonazarov taklif etilib, maslahatlar olingan.

Ko`rsatilgan tezkor yordamlarga qaramasdan bemorda o`tkir moddalar almashinuvi buzilishi sababli 2020 yil 3 yanvar kuni o`lim holati qayd etilgan. Murda sudga oid tibbiy ekspertizadan o`tkazilgan. Ekspertizada o`t pufagida yatrogen shikastlanish aniqlanmagan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi topshirig`iga asosan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo`yicha qo`shimcha ma`lumot taqdim etiladi, deyiladi Navoiy viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati rasmiy xabarida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1