Andijonda MIB xodimlari kelganida o`ziga o`t qo`yib, badanining ko`p sohasi kuyib ketgan fuqaro haqida avval xabar bergan edik. U 45 foiz darajadagi kuyish holatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo`limiga yotqizilgan edi. Afsuski bugun bu fuqaro shifoxonada vafot etdi. Bu haqda uning opasi «Effect.uz» axborot agentligiga ma`lum qildi.
Andijon tumani, Beshbo`ynoq MFY, Bodomzor ko`chasi, 140-A uyda yashovchi Xushnud G`oyibnazarov yashayotgan uyi bilan kelib chiqqan muammolar tufayli MIB xodimlari guvohligida ustidan benzin sepib, o`zini yoqib yuborgan edi.
Mudhish voqea joriy yil 21 yanvar kuni Xushnud G`oyibnazarovning yashash uyi atrofida sodir bo`lgan. MIB matbuot xizmati boshlig`i Farruh Toshpo`latovga ko`ra byuroning Andijon tuman bo`limi ish yurituvidagi fuqaro Z.G. va uning oila a`zolarini Andijon tumani, Ayrilish MFYda uydan majburiy tartibda ko`chirish hamda da`vogar M.B.ni ushbu uyga kiritish haqida ijro hujjati mavjud bo`lib, 21 yanvar kuni kechga yaqin mas`ul xodimlar ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qayd etilgan manzilga chiqqan.
MIB xodimlari, shuningdek, da`vogar va javobgar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirish jarayonida taraflar o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sabab ijro harakatlari bir kun keyinga — 22 yanvarga qoldiriladi. Shundan so`ng MIB xodimlari va ijro harakati uchun jalb qilingan boshqa shaxslar qayd etilgan manzildan chiqib ketayotgan vaqtda javobgar Xushnud o`ziga benzin sepib, o`t qo`yib yuboradi.
Oqibatda tanasining 45 foizi kuyib, og`ir tan jarohati oladi.
Matbuot xizmatining ta`kidlashicha, MIBda sud qarorlari muhokama etilmaydi. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ijrosi ta`minlanishi shart. Sud qarorlari ijrosini vaqtincha to`xtatishning esa qonuniy tartiblari bor.
Ayni paytda mazkur holat bo`yicha Andijon tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda.