AsosiyJamiyat

XTV G`ijduvondagi kollej maktabga aylantirilmagani yuzasidan izoh berdi

'XTV G`ijduvondagi kollej maktabga aylantirilmagani yuzasidan izoh berdi'ning rasmi

Buxoro viloyati xalq ta`limi boshqarmasi axborot xizmati “G`ijduvondagi mahalla ahli kollej maktabga aylantirilmaganidan norozi: nega prezident farmoni bajarilmadi?” nomli maqolaga munosabat bildirdi

2019-2020 o`quv yilida G`ijduvon tumanida 67 ta umumta`lim maktablari faoliyat ko`rsatib, ularning umumiy quvvati 38 710 o`quvchi o`rnini va o`quvchilar soni 53 036 nafarni (1,4 koeffisent) tashkil etadi. Mavjud maktablarning 39 tasida dars mashg`ulotlari 2 navbatda olib boriladi.

G`ijduvon tumanidagi umumiy o`rta ta`lim maktablari o`quvchilarining ta`lim olishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2019 yil Investisiya va “Obod qishloq” dasturlari doirasida 720 o`rinli o`quv binolari qurildi va 1918 o`rinlar ta`mirlandi. 2020 yilda 1130 ta yangi o`rin qurilishi va 624 ta o`rin ta`mirlanishi rejalashtirilgan.

A.G`ijduvoniy shoh ko`chasida 2 ta (5-, 21-) umumiy o`rta ta`lim maktablari joylashgan. 5-maktabning 525 o`rinli binosida 1394 nafar, 21-maktabning (ta`lim rus tilida olib boriladi) 720 o`rinli binosida 1097 nafar o`quvchi ta`lim olmoqda. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi “Oliy ta`lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq 2018-2019 o`quv yilidan boshlab o`quvchilar qabuli to`xtatiladigan va 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab faoliyati tugatiladigan akademik liseylar ro`yxatiga kiritilgan 2-son G`ijduvon akademik liseyi binosida G`ijduvon tumani hokimligi, viloyat xalq ta`limi va viloyat kasb-hunar ta`limi boshqarmalari hamda Buxoro davlat tibbiyot institutining takliflarini inobatga olib, viloyat hokimining 2019 yil 14 iyundagi 329-qaroriga asosan 60-umumiy o`rta ta`lim maktabi tashkil etilgan.

Bugungi kunda mazkur maktabda 1055 nafar o`quvchilarga ta`lim-tarbiya berib kelinmoqda.

Akademik liseyning 100 o`rinli yotoqxonasida tuman “Yoshlar ittifoqi kengashi” va “Dilkusho” MFY, “Xo`ja Abduxoliq G`ijduvoniy madrasasida tahsil olayotgan talabalarga yotoqxona sifatida” berilgan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi farmoniga asosan binolari umumiy o`rta ta`lim muassasalari sifatida foydalanish uchun ajratilgan 20 ta kasb-hunar kollejlaridan 4 tasi G`ijduvon tumanida joylashgan bo`lib, 3 ta kollej binosida yangi umumiy o`rta ta`lim maktablari tashkil etildi.

G`ijduvon tumani, Xalqobod MFY hududida joylashgan 16-umumiy o`rta ta`lim maktabining 8 ta sinf xonasida (240 o`rin) 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internati faoliyat olib borgan. O`quv tarbiya jarayonini tashkil etishda har ikkala ta`lim muassasasida ham qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktablarining qabul kvotasini shakllantirishda etarli shart-sharoit va o`quv xonalarining etishmovchiligi sababli 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internatiga qabul kvotasi kam ajratilgan va 2019-2020 o`quv yilida kvota ajratilmaganligi bois o`quvchilar qabul qilinmagan. Bu esa o`z navbatida ota-onalarning e`tirozlarini kelib chiqishiga sabab bo`lgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internati o`quvchilarining sifatli ta`lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli o`quvchilarni aniqlash va ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida G`ijduvon tumani, Pomo`za MFY hududida joylashgan 765 o`rinli Agrosanoat kasb-hunar kolleji maktab-internati balansiga berilgan.

Tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi o`z binosiga ega bo`lmaganligi, maktabga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta`limi tizimidagi maktabdan tashqari ta`lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan 2021 yilda yangi bino qurilishi rejalashtirilganligini inobatga olib, 65-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktab-internati binosiga vaqtincha joylashtirilgan.

2020-2021 o`quv yilida maktab-internatining qabul kvotasi oshirilishi va ixtisoslik (kimyo, biologiya, tarix, ingliz tili) fanlarining bo`linib o`qitilishi hisobidan kollej binosidan samarali foydalanilishi ko`zda tutilgan.

Pomo`za MFY hududida joylashgan qishloq aholisi farzandlarining 52 nafari 21-maktabda (rus tilida), 176 nafari 60-maktabda, 4 nafari 22-maktabda, 160 nafari 5-maktabda, 195 nafari 61-maktabda ta`lim olib kelmoqda.

Aholi sonining oshishini inobatga olib, kelgusi yillarda mazkur hududda yangi maktab qurish bo`yicha takliflar kiritiladi. 

    Boshqa yangiliklar