Samarqand viloyatida yashirincha xo`rozlar janglari uyushtirish bilan shug`ullangan jinoyatchilarni fosh qilish bo`yicha maxsus operasiya o`tkazildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xizmat xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tadbirda muxbirimiz Ozod Nurmuhammedov ishtirok etdi...
Olib borilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumanidagi “Mahalla” qishlog`ida 14 sotix er maydonining 3,5 sotix qismida “Xo`roz urishtirish” uchun noqonuniy tarzda “Arena” qurib faoliyat yuritayotgani fosh bo`ldi. Shu kungacha Xo`roz urishtirish arenasida ishqibozlar o`zlariga tegishli xo`rozlar bilan jang uyushtirib kelgan. Tezkor tadbirda 31 nafar fuqaro urishtirish maqsadida xo`rozlar olib kelganligi aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Xo`roz urishtirishda ishtirok etganlar
San`at Zaripov, xo`roz jangi ishtirokchisi:
— Yoshligimizdan xo`roz boqib shu yo`nalishga qiziqib kelaman. Anchadan buyon bunday jarayonda faolman. Yutqazsak, so`yib, boshqa xo`roz boqishni boshlaymiz.
Sodik Boboniyozov, ishtirokchi:
— Bu joyga xo`roz urishtirish uchun birinchi marotaba uch oy oldin kelganman. Bu gal ikkinchisi edi.
Aniqlanishicha, 1986 yilda tug`ilgan, S.Bahronov turmush o`rtog`i G. Jalilova bilan birgalikda arena tashkil qilgan. Ular xo`roz urishtirish o`yinda qatnashish hamda bu maqsad uchun kelgan fuqarolardan 5.000 so`mdan 8.000 so`mgacha bo`lgan miqdorda pullarni yig`ib olishardi. Shuningdek, u tashkilotchi sovrin jamg`armasining ma`lum bir qismini olgan hamda tomoshabinlardan ham pul olgan.
Tezkor tadbirda janglarni tomosha qilishga kelgan 250 nafar fuqarolar borligi aniqlandi. Ularning har birini jinoyatga aloqadorligi tekshirilib, ushbu shaxslarga tegishli bo`lgan 60 ta transport vositalari hujjatlari ko`zdan kechirildi.
“Milliy o`yinlarimiz, deb o`ylaganman”
S. Bahronov, uy egasi:
— Men buni milliy o`yinlarimiz, deb o`ylaganman. Biror odam kelib ogohlantirgani yo`q. Bilganimda hujjat qilar edim. Har hafta bir marotaba o`tkazib kelganman. Kelgan odamlardan kirish puli sifatida 4-5 ming so`m olardim. Xo`roz urishtiruvchilardan pul olmasdim.
Ajablanarli hududda yashovchilarning taxminicha, xo`roz janglari 3 yillardan beri faoliyat ko`rsatgan. Lekin bundan tuman va mahalla mutasaddilari bexabar bo`lgan.
Ma`lumot o`rnida:
- Tashkilotchi xo`roz urishtirish arenasiga kelgan jang ishqibozlariga antisanitar holatdagi oshxona xizmatini ham yo`lga qo`ygan. Davlat soliq inspeksiyasi S.Bahronovning yashash xonadonidagi oshxonani noqonuniy chakana savdo bilan shug`ullanish, deb topdi.
- O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga asoslanib, 12 turdagi umumiy qiymati 720.500 so`mlik tovar moddiy boyliklar tegishli tartibda xujjatlashtirib olindi.
Tabiy gazdan ham noqonuniy foydalangan
Fuqaro S.Bahronov yashash xonadoni hovlisida noqonuniy xo`roz urishtirish arenasi tashkil etish bilan cheklanmagan. Uyi Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan tekshirilganda, xonadonida tabiiy gazdan ham noqonuniy tarzda foydalayotgani aniqlandi. Uning bu harakati uchun O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 101-moddasi tartibida hujjatlashtirildi. Jinoyat ishlari bo`yicha Oqdaryo tuman sudining raisi Ilyos Doniyorovning ma`lum qilishicha, yuqorida keltirilgan holatlarga ko`ra va O`zbekiston Respublikasi JPK 240, 242, 243-moddalarini qo`llab S. Bahronovga nisbatan “qamoqqa olish tarzida”gi ehtiyot chorasi qo`llandi va fuqaro qamoqqa olindi.
Eslatma!
278-modda. Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o`tkazish, shu jumladan ana shunday o`yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash etti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O`sha harakatlar:
a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo`lsa;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko`zlab, etti yildan o`n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga etmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.






