AsosiyJamiyat

"Hokim topshirig`i bilan" qoida buzganini aytgan haydovchi ishdan bo`shatildi

'"Hokim topshirig`i bilan" qoida buzganini aytgan haydovchi ishdan bo`shatildi'ning rasmi

«Hokim topshirig`i bilan yurgan» hamda jurnalistga o`shqirgan shaxs ishdan bo`shatildi. Mutasaddilar masalaga oydinlik kiritdi.

«Toshkent» telekanalining «Poytaxt yo`llarida» ko`rsatuvi jurnalist va operatoriga qo`pol munosabatda bo`lgan, shuningdek, yolg`on ma`lumot bergan Crafers korxonasi ishchisi Abror Sharipov ishdan bo`shatildi. Bu haqda korxonaning Facebook ijtimoiy tarmog`idagi sahifasi manbasi asosida Gazeta.uz xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, ko`rsatuvning 2019 yil dekabr oyida tasvirga olingan sonida Crafers reklamasi yopishtirilgan Malibu avtomobili haydovchisi Toshkentdagi Qoratosh va Samarqand darvoza ko`chalari kesishmasidagi mashinalar harakatiga xalal berib, o`z transportini yo`l yoqasida to`xtatgan.

Ko`rsatuv ijodiy guruhi kamerasiga tushib qolayotganini sezgan haydovchi nima uchun uni tasvirga olayotganini so`raydi. Shuningdek, u shahar hokimidan topshiriq olganini aytadi:

«Shahar hokimi Jahongir aka Ortiqxo`jaev buyrug`i bilan kelganman», — deya jurnalistga o`shqiradi haydovchi. Birozdan so`ng u mashinaga o`tirib, voqea joyidan ketib qolgan.

«O`zbekiston Respublikasida qonunlar ustuvor va ularga barcha fuqarolar amal qilishi lozim. Shu o`rinda, yuzaga kelgan tushunmovchilik va noqulayliklar uchun korxonamiz nomidan uzr so`raymiz», — deyiladi Crafers xabarida.

Boshqa yangiliklar