AsosiyJamiyat

Murod A`zamov: "O`zbekistonga kelayotgan tadbirkorlarning hammasida kadr muammosi bor"

'Murod A`zamov: "O`zbekistonga kelayotgan tadbirkorlarning  hammasida kadr muammosi bor"'ning rasmi

Toshkent shahridagi "Yoshlar press klubi"da "Modul5" loyihasining 5-soni bo`lib o`tdi. Motivasion platformaning bu sonida 5 ta o`z sohasining liderlari yoshlarga muvaffaqiyatga eltuvchi 5 yo`lni chizib berishdi.

Taniqli biznes trener Murod A`zamov yosh tadbirkorlarga biznes va liderlik asoslari, jurnalist Amirxon Umarov media sirlarini sodda shaklda tushuntirib bergan bo`lsa, Nuruddin Iminoxunov hech qanday tanish-bilishsiz xalqaro festivallar uyushtirish mumkinligini o`zi misolida ifodaladi. Mirshakar Fayzulloev "Odamlar nima deydi" deb, to`y va marosimlarda yo`l qo`yilayotgan ortiqcha sarf-harajat va isrofgarchiliklar, ularning salbiy oqibatlarini hazilomuz tarzda loyiha qatnashchilariga etkazdi. Sirojiddin Olimov esa muvaffaqiyat turlari, sosial lift va ta`lim to`g`risidagi fikrlari bilan bo`lishdi.

Tajribali biznes trener Murod A`zamov maqsad tomon dadil qadam tashlash, kadrlar muammosi, aniq maqsad va to`g`ri qaror qabul qilish haqida to`xtaldi

"Bugungi kunda yuzlab tadbirkorlar O`zbekistonga kelyapti, hammasida kadr muammosi bor. Chunki, biz o`zimizni ko`rsata olmayapmiz. Hammasiga ishning ko`zini biladigan hamkor kerak. Ular 100 million dollar sarmoya olib kiryapti, lekin uni to`g`ri yo`naltirishga ishbilarmon kadrlar etishmayapti. Bunda avvalo, ingliz tili va rus tilini o`zbek tilini bilgandek bilishimiz darkor. Muhimi bilimdan to`g`ri va maqsadli foydalana olishdir. Ilmiga amal qilgan inson boshqarishni ham biladi.

Mening muvaffaqiyatlarim formulasi quyidagicha:

Aniq maqsad+aniq ish reja+harakat+rivojlanishga intilish = muvaffaqiyat.

Siz ham aniq maqsadga ega bo`ling. Ish kuchi bo`lasizmi yoki ishning boshqaruvchisi? Qarorni o`zingiz belgilaysiz. Aniq ish rejasini tuzib, harakatni boshlang.

Atrofingizdagilarga e`tiborli bo`ling. Daromad topmoqchi bo`lsangiz, tadbirkor kishilar davrasiga intiling, ular bilan ko`proq muloqot qiling. Yoningizga faqat yaxshi odamlarni yig`ing. Atrofingizdagi odamlar sizni yo jarlikka, yoki yuksaklikka etaklaydi. Tanlov - o`z qo`lingizda.

Hayotimizdagi 90 foiz hodisalar o`zimizga bog`liq ekan, 10 foizi bizga bog`liq bo`lgan vaziyatlar bilan tutashgan. Ana shu jarayonda o`zimiz to`g`ri qaror qabul qilishimiz shart. Aytishlaricha, biznes odamlarining 99 foizi o`ylovchi 1 foizigina tavakkalchi. Siz qaysi toifaga kirishingizni aniqlab oling. Bilimlaringizdan to`g`ri foydalaning".

"Yosh jurnalistlar" maktabi direktori Amirxon Umarov esa 12 yoshida jurnalistika sohasiga kirib kelgani, erishgan muvaffaqiyatlari va uchragan muvaffaqiyatsizliklari haqida so`zlarkan, muvaffaqiyatsizliklarga qarshi kurashish immuniteti orqali muvvafaqiyatga intilish paydo bo`lishi, yiqilgan inson albatta o`zi oyoqqa turishga kuch topishi lozimligini uqtirdi.

Uning ta`kidlashicha, hamkorlik uchrashuvlarida so`zni avvalo, sherigingizning manfaatlaridan boshlasangiz, ko`proq muvaffaqiyat qozonasiz. 

Ma`lumot uchun, "Modul5" loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusi asosida 2019 yilning sentyabr oyida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan loyiha hisoblanadi. 

Motivasion platforma doirasida shu vaqtga qadar sportchilar Shahram G`iyosov, Elshod Rasulov, Sarvinoz Qurbonboeva, boshlovchilar Jamshid Umirzoqov, Otabek Mahkamov, Webster universiteti talabasi, "Chegarasiz" loyihasi qahramoni Xayrullo Ruhiddinov, O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Olimjon To`ychiev hamda dzyudo bo`yicha Olimpiada o`yinlari sovrindori Rishod Sobirovlar ishtirok etgan.

    Boshqa yangiliklar