AsosiyJamiyat

Ekspert 5000 ming nafar bemorga yordam berish uchun bank tashkil etishni taklif qilmoqda

'Ekspert 5000 ming nafar bemorga yordam berish uchun bank tashkil etishni taklif qilmoqda'ning rasmi

Innovasion Rivojlanish vazirligi ko`magi asosida Doktor Maqsudova klinikasida 27-28 yanvar kunlari AQShning Florida shtati Tampa shahrida joylashgan Lions Eye Institute for transplant and Research klinikasining ko`z mikrojarrohlarini jalb etgan holda mahorat darslari o`tkazildi. Bu haqda "Darakchi"ga Innovasiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Mahorat darsi davomida mutaxassislar ko`z shoh parda kasalligi bilan uzoq yillardan beri xastalanib kelayotgan 25 nafar hamyurtimiz uchun bepul maslahat kuni tashkil qilindi. Shuningek 4 nafar bemorda noyob mikrojarrohlik amaliyoti o`tkazildi. Bundan tashqari 4 nafar mahalliy ko`zjarrohlari o`qitilib, maxsus sertifikat topshirildi.

Tadbir davomida mutaxassislar yurtimizda ko`z mikrojarrohligi va uning istiqbollari xususidagi  fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Erkin Abdullaev, Lions Eye Institute for transplant and Research shifoxonasining klinik va innovasion rivojlanish bo`yicha boshqaruvchisi:

"Men 1993 yilgacha akademik V. Vohidov nomidagi Jarrohlik ilmiy markazida kardiojarroh sifatida faoliyat yuritganman. AQShda esa ko`z shoh pardasi transplantasiyasi sohasida ishlay boshladim. Ana o`shanda bu soha nima uchun okean ortida yaxshi rivojlangan-u, bizda esa bu masalada ko`p muammolarimiz borligi haqida ko`p o`yladim. 1999 yildan esa maxsus dastur bo`yicha donorlik ko`z shoh pardalari Amerikadan yurtimizga jo`ntilishini yo`lga qo`ydik. Ko`z shoh pardasi shikastlangan bemorlar og`ir kasallikka chalinglar guruhiga kiradi. Ularni faqatgina ko`z shoh pardasini transplantasiya qilish bilangina davolash mumkin. Bunda ularning shikastlangan ko`z shoh pardasi sog`lom ko`z shoh pardasi bilan almashtiriladi. Shoh parda bu ko`zning oynasidek gap. 

O`zbekistondan “Ko`z banki” bo`lmagani sababli hozirga qadar donorlik materiallarini xorijdan sotib olishga to`g`ri kelmoqda. Bosqichma-bosqich xorijlik ko`z jarrohlari O`zbekistonga kelib, mahalliy jarrohlarni transplantasiyaning yangi usullari bilan tanishtirmoqda. So`ngii besh yilda respublika bo`yicha bu yo`nalishda 108 ta jarrohlik amaliyoti bajarilgan. O`zbekistonda yiliga 1000 nafar bemor shunday operasiyalarga muhtoj.  

Ko`z shoh pardasi donorligining huquqiy jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Odam tirik paytida ko`z shoh pardasini olinishiga yoki vafot etganidan so`ng uning qarindoshlaridan donorlikka ruxsat olinishi tartibi ishlab chiqilishi zarur. Bunda vafot etgan donorning ayrim kasalliklar bilan og`rimagani hisobga olinishi kerak. Masalan, donorda sepsis yoki boshqa ko`z kasalliklari bo`lmasligi shart. Ko`z shoh pardasida qon tomirlari o`tmagani bois bemorning qon guruhi ahamiyatga ega bo`lmaydi. Odatda bunday operasiyalar hamisha muvaffaqiyatli o`tadi. 

AQShda mazkur jarrohlik amaliyotining muvaffaqiyatlilik darajasi 99,9 foizni tashkil etadi. Donorlik bo`yicha qonun O`zbekistonda ishlab chiqilgan, endi tasdiqlanish arafasida. Bu huquqiy-me`yoriy hujjat hukumatimiz tomonidan qo`llab-quvvatlansa, O`zbekistonda minglab odamlar uchun mazkur jarrohlik amaliyoti bir necha barobarga arzonlashadi. 

Ko`z shoh pardasining donori bo`lishga odam tiriklik davrida yoki o`lganidan so`ng qarindoshlari tomonidan rozilik bildirishi xorijiy davlatlarda bepulga amalga oshiriladi. Shoh parda inson vafotidan so`ng qancha tez olinsa shuncha yaxshi — 24 soatgacha olish tavsiya etiladi. Ko`z shoh pardani olinganidan so`ng u  mineral va antibiotik vositalari bilan boyitilgan eritmaga joylanadi. 

Zulfiya Maqsudova, DMS klinikasi rahbari: 

"Hozirgi kunda ko`z shoh pardasi transplantasiyasi bo`yicha amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotining narxi 20-25 million so`mni tashkil etadi. Agar biz O`zbekistonda “Ko`z bank”ini tashkil etsak, u holda bu operasiyaning narxi bir necha baravarga arzonlashadi. Vaholanki, hozirda bizning klinikamizda shunday turdagi jarrohlik amaliyoti boshqa shifoxonalarga nisbatan 40 foizga arzonroq amalga oshirilmoqda. Buning uchun bizga huquqiy-me`yoriy qonunlarni qabul qilishimizning o`zi kifoya. Negaki klinika texnik jihatdan bunday operasiyalarni amalga oshirishga tayyor, jarrohlarimizning ham tajribalari etarli".

Boshqa yangiliklar