2020-yilning 27-yanvar kuni O`zbekiston Elchisi Baxtiyor Saidovning Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Evropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori Sun Linszyan bilan suhbati bo`lib o`tdi. Bu haqda TIV ma`lum qilmoqda.
Suhbatda chet el fuqarolarining Uxan shahridan (Xubey provinsiyasi) evakuasiya qilish bilan bog`liq masalalar muhokama qilindi. Xitoylik diplomat mamlakat Hukumatining koronavirus tarqalishini chegaralash hamda infeksiyani profilaktika qilish va davolash borasida ko`rayotgan har tomonlama choralari to`g`risida ma`lumot berdi.
Xitoy tomoni hozirda mamlakat Hukumati chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuasiya qilish masalasini ko`rib chiqmayotganini yana bir bor tasdiqladi va epidemiyaning ehtimoliy tarqalishiga yo`l qo`ymaslik maqsadida karantin rejimining butun davri yakunlanmaguncha O`zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so`radi.
Hozirda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JST) Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus boshchiligidagi Ishchi guruhi Xitoyda bo`lib turibdi. JST Bosh direktori ham chet el fuqarolarini evakuasiya qilishning maqsadga muvofiq emasligi to`g`risidagi tashkilot mavqeini ma`lum qildi, xalqaro jamoatchilikni xotirjamlikni saqlash va yolg`on xabarlarga ahamiyat bermaslikka chaqirdi.
TIV yanvar oyida Uxan shahridan vatanga qaytib kelgan o`zbekistonlik talabalardan zudlik bilan O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga +998909882330 (direktor o`rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog`lanishlarini so`raydi.
Xitoy hududidagi O`zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug`bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz.






