AsosiyJamiyat

Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Mo`g`uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. O`zbekiston yopmaydimi? Vazir javob berdi

'Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Mo`g`uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. O`zbekiston yopmaydimi? Vazir javob berdi'ning rasmi

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi natijasida ko`plab davlatlar ehtiyot choralarini ko`rishni boshlagan. Epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya, Mo`g`uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. Yana qator davlatlar Xitoy fuqarolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi. Xo`sh, O`zbekiston bunday vaziyatda qanday yo`l tutadi? Biz ham chegaralarni yopishimiz kerakmi? Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov mazkur savolga javob berdi:

– Mazkur koronavirusga qarshi kurash doirasida biz nafaqat Xitoydan keluvchilar, balki barcha yo`nalishlardan davlatimiz hududiga kirib keluvchi yo`lovchilarni qat`iy nazoratdan o`tkazayapmiz. Chegara punktlari teplovizorlar bilan jihozlangan, virus tashishi mumkin bo`lgan mahsulotlar jiddiy tekshiruvdan o`tkaziladi. Aynan virus tarqalgani qayd etilgan hududlardan tashrif buyuruvchilar va kasallikning har qanday belgisi kuzatilgan fuqarolar alohida nazoratga olinadi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida hududga ko`ra alohida o`rinlarni shay holda tayyorlab qo`yganmiz, zarur dori-darmon zaxiralari yaratilgan.

Endi chegarani yopish masalasiga kelsak, bu chorani qo`llash vazirligimiz vakolatida emas. Ammo bu borada o`z fikrimni aytadigan bo`lsam, ayni paytda, ya`ni 30 yanvar holatida mamlakatimiz hududida bunday kasallikka chalinish holati birorta ham kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini ko`rishimiz lozim. Shaxsan o`zim yurtimiz fuqarolarining Xitoyga borishini cheklash bilan bir qatorda, xitoyliklar va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelishini vaqtinchalik cheklash tarafdoriman. Chunki, ushbu virusning havo-tomchi yo`li bilan o`tishi, odamdan odamga yuqishi, bundan tashqari, kasallik belgilarining yashirin davri 14 kun davom etishi kasallik tarqalish xavfini keskin oshiradi.

    Boshqa yangiliklar