Ayni paytda Xitoyda biologiya yo`nalishida ilmiy faoliyat olib borayotgan o`zbekistonlik doktorant Baxtiyor Sheraliev koronavirusning tarqalishi qanday yuz berishi haqida fikr yuritib, Xitoydagi o`zbekistonlik talabalarga bu erni tark etmaslikni maslahat berdi. Bu haqda azon.uz yozdi.
“Biz aynan mana shundan qo`rqyapmiz, ya`ni borganlarni tekshirib bera olish imkoni bizning Sog`liqni saqlash tizimida bormi yoki yo`qmi?
Virusning inkubasion davri odamning immunitetiga qarab 2-14 kun bo`ladi. Shu vaqt oralig`ida sog`lom odamdek yuraveradi, lekin atrofdagilarga virus yuqtiraveradi.
Aeroportdagi teplovizor bilan odamni isitmasi borligini bilsa bo`ladi xolos. Yangi yuqtirgan odamda isitma bo`lmaydi va uni teplovizor sezmaydi. Yangi yuqqanda o`pkani rentgen qilsa ham hech narsa chiqmaydi.
Shu bois Xitoydan borganlarni 14 kun alohida izolyasiya qilish kerak, shu vaqt oralig`ida sog` tursagina uyiga yuborish kerak. Aks holda butun boshli O`zbekistonga kasallik tarqalib ketishi mumkin.
Mana shu bois ham ketmasdan shu erda kutinglar deyapmiz. Bu erda sharoitlari bor, aniqlay olishadi, kasal bo`lsa davolash imkoniyati O`zbekistondan yaxshiroq. Vaziyatga real qaraylik, masalan men ham uyga qaytgim kelyapti, lekin men oilamning hayotini xavfga qo`ya olmayman. Undan ko`ra sabr qilib shu erda kutaman”.






