Statistik ma`lumotlarga e`tibor beradigan bo`lsak, 2016 yilgacha sudlarda oqlov hukmi chiqarish amaliyoti deyarli bo`lmagan. 1991-2016 yilgacha 1 nafar, 2016 da 6 nafar, keyingi uch yilda esa 1 ming 705 nafar inson oqlangan (2017 yil 263 nafar, 2018 yil 867 nafar). 2019 yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan 576 nafar shaxs oqlangan va reabilitasiya qilingan. "Darakchi" gazetasida 2019 yil davomida 9 ta fuqaro oqlovi chop etilgan. Kim uchundir bu oddiy raqamlar bo`lishi mumkindir. Biroq mazkur raqamlar ortida begunoh insonlarning ortga qaytarilmas umri turganini unutmaslik kerak. Oqlov hukmi chiqarilishi, unga qadar bo`ladigan jarayonlar borasidagi savollarimizga javob olish maqsadida Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Shahboz ABDIEVga murojaat qildik...
— Oqlov hukmi ayblovlar bekor qilinishiga qanday erishiladi?
— O`zbekiston Respublikasi JPKning 462-moddasiga muvofiq, sud ayblov yoki oqlov hukmi chiqarishi mumkin. Dastlabki tergov organi tomonidan shaxsga qo`yilgan ayblov birinchi instansiya sudida ko`rib chiqib muhokama qilinadi. JPKning 464-moddasiga ko`ra, sud ishni ko`rish davomida jinoiy hodisa yuz bermaganligi, sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi yo`qligini yoki jinoyat sodir etilishga sudlanuvchi daxldor emasligini aniqlagan taqdirda ish bo`yicha oqlov hukmi chiqaradi. JPKning 478-moddasiga asosan sudlanuvchi yoki uning himoyachisi birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan ayblov hukmi ustidan viloyati va ularga tenglashtirilgan sudlarning apellyasiya instansiyasiga, qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi ustidan viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarning kassasiya instansiyasiga hamda apellyasiya va kassasiya tartibida shikoyat qilishlari mumkin.
Yuqori instansiya sudi jinoyat ishini ko`rib chiqib, sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybi yo`qligi yoki sodir etilgan jinoyatga daxli yo`qligi aniqlangan taqdirda, birinchi instansiya sudining ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishi mumkin.
— O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2019 yil 2 avgustda o`tkazgan matbuot anjumanida 3,5 mingdan ziyod shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo`yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlangani yoki qayta malakalangani haqida ma`lum qilingandi. Bu kichik ko`rsatgich emas. Ayblovni chiqarishda dastlabki tergov organlari qanday xatoliklarga yo`l qo`ygan? Bir insonni nohaq qamalishida aslida prokuratura organining “xizmati” kattami yo sud tizimining?
— Konstitusiyaning 26-moddasi va JPKning 23-moddasiga ko`ra, shaxsning aybi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan isbotlangunga qadar u aybsiz hisoblanadi. Shu sababli, dastlabki tergov organi tomonidan shaxsga ayblov e`lon qilinishi uni jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganligini anglatmaydi.
Sud jinoyat ishini muhokama qilib, sudlanuvchiga ortiqcha ayblov qo`yilganligi haqida xulosaga kelsa, JPKning 415-moddasiga asosan ayblovni o`zgartirishi, ya`ni ayblovning birqismi yoki jinoyatning tavsifiy alomatlarini chiqarib tashlashi mumkinligi ko`rsatilgan.
Jinoyat ishini sudda ko`rish davomida amaldagi qonun o`zgarishi yoki dastlabki tergov organiga ma`lum bo`lmagan yangi dalillar aniqlanishi mumkin bo`lib, bu ayni paytda sudlanuvchiga qo`yilgan ayblovni o`zgartirish zaruriyatini tug`diradi. Shaxsni jinoyat sodir etganlikda sud aybdor deb topadi va unga jazo sud hukmi bilan tayinlanadi.

— Minglab odamlarning asossiz qamalishi aynan tergov organlari sohasida ildiz otgan korrupsiyaning oqibati emasmi? Ayni shu holat bo`yicha qancha tergov organi xodimi javobgarlikka tor-tilgan?
— Joriy yilning 9 oyi davomida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti va uni quyi tizimlaridagi xodimlar jinoiy javobgarlikka tortilmagan.
— Tahririyatimizga kelayotgan murojaatlarning asosiy qismida odamlarning adolatli tergovga ishonchi so`nganini ko`rish mumkin. Shu ma`noda, 2017 yil 10 aprelda Prezidentning “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta`minlashda ularning mas`uliyatini kuchaytirish chora tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq shu vaqtga qadar vaqtincha saqlash hibsxonalari, tergov hibsxonalariga qancha videokuzatuv vositalari o`rnatildi? Ya`ni, farmondagi ko`rsatma necha foiz amalga oshirildi?
— Prezidentimizning 2017 yil 10 apreldagi yuqorida ta`kidlangan Farmoniga muvofiq
► 106 ta vaqtincha saqlash hibsxonalariga 1814 ta,
► 12 ta tergov hibsxonala- riga 123 ta,
► 12 ta reabilitasiya mar- kazlariga 283 ta,
► 5 ta maxsus qabulxonalar- ga 25 ta eng so`nggi zamonaviy videokuzatuv vositalari o`rnatilgan.
Shuningdek, kuzatuvni amalga oshirish va ma`lumotlarni qayd etish uchun 149 ta monitoring va 132 ta serverlar o`rnatilib,to`liq foydalanishga topshirilgan.
“XATOLIKLARGA YO`L QO`YGAN SUDYaLARGA KESKIN ChORALAR KO`RILMOQDA”
Oqlov bu — shaxs tergov organlari tomonidan noto`g`ri ayblangan shaxslarni sud tomonidan aybsiz deb topilishi yoki keyinchalik quyi sudlar tomonidan ham noto`g`ri ayblov hukmlari chiqarilgani yuqori sudlarda aniqlangan holatlarda qabul qilinadigan qaror. Shu ma`noda, oqlov borasidagi ko`pchilikni qiynagan qator savollarga Oliy sud sudyasi Komiliddin Tolliboevdan javob olishga urindik...
— Shuni nazarda tutish lozimki, barcha sudlanganlar oqlanishi lozim deyilishi noto`g`ri tushuncha bo`ladi. Chunki dastlabki tergov va sudda aybi isbotlangan barcha shaxs Jinoyat kodeksning 16-moddasida belgilangan jinoyat uchun javobgarlik prinsipiga asosan aybdor deb topiladi va unga tegishli jazo chorasi qo`llanadi. Agar shaxsning aybsizligi isbotlansa, ishni birinchi bosqichda ko`rib chiqilishida ham unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilishiga asos bo`ladi.
Biroq, birinchi bosqich sudida aybdor deb topilgan shaxs qonunda belgilangan tartibda apellyasiya yoki kassasiya tartibida sud hukmi ustidan shikoyat berishga haqli.
Apellyasiya yoki kassasiya instansiyasi shikoyatni ko`rib chiqib, birinchi bosqich sudi to`g`ri qaror qabul qilganligi yoki uni o`zgartirish lozimligi yoxud hukmni bekor qilib, oqlov hukmi chiqarish to`g`risidagi qarorlardan birini qabul qiladi.
Shuningdek, ish yuqori instansiya sudida ko`rilganidan so`ng ham norozi bo`lsa, birinchi bosqich, apellyasiya yoki kassasiya instansiyalari qarorlari ustidan Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat qilishga haqli. Ushbu shikoyat ham tegishli tartibda ko`rib chiqilib, sudlar to`g`ri qaror qabul qilgani yoki uni o`zgartirish lozimligi yoxud sud qarorlarini bekor qilib, shaxsni oqlov to`g`risidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin.
— "Darakchi" gazetasining 5 dekabrda sotuvga chiqqan 49 sonida 25 yildan keyin oqlangan o`qituvchining oqlovi chop etilgan. Mazkur ishni ko`rgan sud raisining izohiga ko`ra, sud o`qituvchining asossiz ravishda ayblanayotgani haqidagi vajlarini atroflicha tekshirmagan va ishga huquqiy baho bermagan. U 2 yil jazo muddatini o`tib, 25 yildan so`nggina oqlangan. Shu ma`noda, sudyaning noxolis yondashuv bilan chiqargan hukmlari monitoring qilinadimi?
— Konstitusiyamizning 11-moddasiga muvofiq davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo`linish prinsipiga asoslanadi. Davlatning asosiy Qonuni sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishini e`lon qildi. Faqat mustaqil sud hokimiyati har bir fuqaroning vakolatli va xolis sudda ishni oshkora ko`rish orqali o`zining buzilgan huquqlarini himoya qilishi mumkinligiga kafolat bo`lib xizmat qiladi.
Mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqi. Bu huquq Inson huquqlari Umumjahon deklarasiyasining 10-moddasi va O`zbekiston Respublikasiqo`shilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida mustahkamlangan. Konstitusiyamizning114-moddasiga muvofiq sud hokimiyati hujjatlari barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy. Sud hokimiyati hujjatlarini bajarmaslik yoki tegishlicha bajarmaslik O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikni yuzaga keltiradi. Shu bois sudlar tomonidan chiqarilgan hukmlarning monitoring qilinishi qonunga zid hisoblanadi. Aytish joizki, Prezidentimizning 2019 yil 2 noyabrdagi “Huquqiy monitoringning zamonaviy mexanizmlari asosida qonun hujjatlari ijrosining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, arizachilarning normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan munosabatlardan kelib chiqadigan talablarini qanoatlantirish (qanoatlantirishni rad etish) to`g`risidagi qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari soni va ularni qabul qilish, asoslarni tahlil qilish yakunlari bo`yicha belgilanishi ko`rsatilgan. Sudlar tomonidan chiqarilgan hukmlarning soni, turi va boshqa statistik ma`lumotlar tegishli tartibda monitoring qilib boriladi. Ammo, sud hukmining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish Jinoyat-prosessual kodeksida (55-bob) belgilangan holda faqat yuqori turuvchi sudlar tomonidan amalga oshiriladi.
— Ayrim sudyalar ish bo`yicha prosessual qonun talablariga amal qilmay, dastlabki tergov organining aybloviga ko`r-ko`rona yondashib, xatolikka yo`l qo`yishi oqibatida bir insonning “sudlangan”, degan tamg`a olishi va umri xazon bo`lishida bosh “qahramon”lardan biri bo`lyapti. Ana shunday sudyalarga qandaydir choralar ko`riladimi, ularning nazorati kimning zimmasida?
— Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tumanlararo, tuman (shahar), harbiy sudlar yuqori turuvchi sudlarga faqat prosessual jihatdan bo`ysunadi. Barcha darajadagi sudlar sudyalari tegishli sud raislari va rais o`rinbosarlariga faqat ishni tashkil etish masalalari bo`yicha bo`ysunadilar. Qayd etilgan mansabdor shaxslar sud ishlari bo`yicha sudyalarga yo`llanma berishga, sudyalarni intizomiy tartibda jazolashga haqli emaslar.
Sudya faqat o`zi tomonidan bila turib qonunning buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan mas`uliyatsizlikka yo`l qo`yilgan hollarda (intizomiy yoki jinoiy) javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu holatlarga sudyalarning malaka hay`atlari bahoberadi. Mazkur qoida “Sudlar to`g`risida”gi qonunning73-moddasida ham belgilangan.
2000 yil 14 dekabrdagi “Sudlar to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, Oliy sud fuqarolik, jinoiy,
iqtisodiy va ma`muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanishi, Oliy sud quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan bo`lib, quyi sudlarning moddiy prosessual qonun talablariga amal qilishlari bo`yicha bir qator rahbariy tushuntirishlar, Rayosat qarorlari, qo`shma ko`rsatmava buyruqlar qabul qilingan. Ayni paytda, odil sudlovni amalga oshirishda xatolik larga yo`l qo`ygan sudyalarga nisbatan keskin choralar ko`rilmoqda.
— Birinchi bosqich sudining noto`g`ri hukmini 2-instansiya sudi ko`r-ko`rona ma`qullayotgani ham sir emas. Bu noxolis yondashuv esa yillar o`tib, oqlov hukmlari orqali fosh bo`lmoqda. Minglab odamlarning asossiz qamalishi aynan sud organlari sohasidagi korrupsiyaning oqibati emasmi?
— Haqiqatdan ham avval amalda bo`lgan Jinoyat-prosessual kodeksi normalariga ko`ra, yuqori instansiyada ishlarni ko`rishda faqat qisman sud tergovi o`tkazilishi nazarda tutilgan edi. Yangi qabul qilingan qonunga muvofiq apellyasiya va kassasiya instansiyalarida ishni ko`rishda to`liq sud tergovi o`tkazilishi belgilanib, birinchi bosqich sudlari tomonidan qabul qilingan qarorlarning yuqori instansiyalarda ko`r-ko`rona ma`qullanishiga barham berildi. Endilikda apellyasiya va kassasiya instansiyalarida ishlar har tomonlama, to`la va xolisona ko`rib chiqilib, jinoyat ishi bo`yicha bildirilgan har bir vajlar sinchkovlik bilan to`liq tekshirilmoqda.
Odamlarning asossiz qamalishi aynan sud organlari sohasidagi korrupsiyaning oqibatida kelib chiqqan, deb baholanishi noto`g`ri. Chunki jinoyat ishlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov davrida yo`l qo`yilgan xatolarga e`tibor qaratilmagani yoki sudlarning to`laqonli mustaqil bo`lmaganligi oqibatida ularga nisbatan sudlar tomonidan ayblov hukmlari chiqarilgan. Hozirda shunday ishlar to`liq o`rganilib, aybsiz yoki Jinoyat-prosessual kodeksi talablariga rioya etilmagan holda ayblangan shaxslar oqlanmoqda.
Sadoqat ALLABERGANOVA






