AsosiyJamiyat

Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining emblemasi tasdiqlandi

'Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining emblemasi tasdiqlandi'ning rasmi

2020 yilning 31 yanvar kuni Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Mazkur yig`ilishda Jamoat fondi emblemasi tasdiqlandi.

Emblema markazida burgut tasvirlangan, uning atrofidagi aylana ichida jamoat fondi nomi yozilgan. Jamoat fondi emblemasida burgutdan foydalanilgani bejiz emas. Burgut – kuchli, g`ururli, ozodlikni sevuvchi, qat`iyatli qush va bu xislatlar mass-media olamini ham ifodalaydi.

Burgutning makoni – yuksak cho`qqilar bo`lib, u erdan hech bir to`siqlarsiz butun yon-atrofini kuzatib tura oladi. Jurnalist va blogerlarning asosiy vazifasi ham jamiyat hayotida sodir bo`layotgan barcha voqea va hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib borishi hamda xolisona yoritishidir.

Burgut – sadoqatli qush, g`irromlik va makkorlik unga begona. Bu xislatlar mass-media vakillarining kasb birdamligi, ularning inoqligi va g`oyalarga sodiqligining timsolidir.

Burgutning kuchi esa jamiyatimizda so`z erkinligini yanada mustahkamlash niyatida bo`lgan jurnalist va blogerlar hamjamiyatining kuch va g`ayratini ifodalaydi.

Burgut o`zining ziyrakligi va qat`iyatligi bilan ham alohida ajralib turadi. U o`z oldiga qo`ygan maqsadi sari dadil harakat qiladi. Mass-media vakillari ham o`z materiallarida biror masala yoki muammoni yoritganda, ularni oxirigacha hal qilish yo`lida qat`iyat ko`rsata olishi kerak.

Eslatib o`tamiz, yangi tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalariga media bozorida teng sharoit yaratish, ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarning huquqlarini ro`yobga chiqarishda ko`maklashishdir.

 

 

    Boshqa yangiliklar