“Hypebae” portali tomonidan yolg`iz turistlar uchun eng yaxshi yo`nalishlar aniqlandi. Ularning reytingida birinchi o`rin Xorvatiyaga tegishli. Ikkinchi va uchinchi o`rinlarda – Peru (Machu-Pikchu shahri) va Malta oroli.
“Yolg`iz sayohat qilish, aslida, o`zingizni anglashingizga yordam beradi. Bundan tashqari, turli mamlakatlar madaniyati, shuningdek, milliy oshxonasini o`zingiz uchun kashf qilishingiz mumkin”, deyiladi maqolada.
Ro`yxat etakchisi Xorvatiya o`zining plyajlari, bog`lari, qadimiy yodgorliklari, shuningdek, go`zal, shinam va uncha sershovqin bo`lmagan, yolg`izlikdan bahramand bo`lish mumkin bo`lgan shaharlari bilan mashhur. “Albatta, Rovinga tashrif buyuring, qal`a-shaharni o`rganing”, deya maslahat beradi reyting mualliflari.
Shuningdek, mutaxassislar Peruga borishni taklif qiladi. Bunda And tog`larining eng yuqori nuqtasida joylashgan inklarning qadimiy shahri Machu-Pikchu hududiga tashrif buyurish lozim. U YuNESKO Butunjahon merosining obekti hisoblanadi.
Reytingning “Top-3”ligiga kirgan Malta – Italiya yaqinidagi ajabtovur Evropa oroli hisoblanadi. Ijaraga olingan mashina yoki mahalliy transportda uncha katta bo`lmagan orolni bemalol aylanib chiqish mumkin.
Talqiqot reytingida yolg`iz sayohatchilarning sevimli joylari o`ntaligiga Bali, Shveysariya, Italiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Islandiya va Gongkong kiritilgan.