Xalq ta`limi vazirligi bilimi bilan Vatanimizni dunyoga tanitayotgan o`zbek o`g`loni haqida yozdi.
2003 yilning 12 may kuni Buxoro viloyati, Peshku tumanida o`qituvchi oilasida dunyoga kelgan o`g`longa orzu-havas bilan Jahongir deb ism quyishdi.
Jahongir oilada to`ng`ich farzand bo`lgani uchun unga e`tibor katta edi. U 2009 yil Peshku tumanidagi 18-maktabning 1-sinfida tahsil ola boshladi. Bolakayning matematika faniga qiziqishi va qobiliyatini payqagan oila a`zolari uyda unga atab mo``jazgina kutubxona yaratib berishdi.
Jahongir 5-sinfda o`qiyotgan paytidan boshlab, har yili bilimlar bellashuvi, keyinchalik esa fan olimpiadasining tuman, viloyat va Respublika bosqichlarida 1-o`rinni qo`lga kirita boshladi. Bilimdon o`quvchi muvaffaqiyatlari evaziga faxriy yorliq, diplom va medal bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Jahongir Norboev Tayland Qirolligining Changmey shahrida bo`lib o`tgan “Xalqaro matematika musobaqa”sining viloyat va respublika saralash bosqichlarida 1-o`ringa sazovor bo`ldi. Xalqaro matematika musobaqasida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Jamoaviy tarkibda O`zbekiston terma jamoasining sardori sifatida 2-o`rinni o`rinni olganligi uchun diplom, terma jamoasi esa kubok bilan taqdirlandi.
2017 yilda Yaponiya davlatining “SAKURA” ilmiy tadqiqot dasturi bo`yicha 10 kun Yaponiya davlatida ta`lim oldi. Iqtidorli o`quvchilar qatorida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti delegasiyasi bilan Turkmaniston Respublikasining Dayanch lageriga borib keldi. Oz muddatdan so`ng Bolgariya Respublikasining Burgas shahrida bo`lib o`tgan xalqaro matematika musobaqasida 2-o`rinni egalladi va kumush medal bilan taqdirlandi.
Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida bo`lib o`tgan Xalqaro matematika olimpiadasida 2-o`rinni egallab, kumush medal va diplom bilan taqdirlandi.
Joriy yil ham Jahongir uchun omadli keldi. Avstraliyaning SEAMO matematika olimpiadasida 18 ta davlat ichida 1-o`rinni egallab, oltin medalni qo`lga kiritdi. Shu bilan birga, Qozog`istonning Olma-ota shahrida o`tkazilgan Jautikov nomidagi olimpiadada kumush medalga sazovor bo`ldi.
Iqtidorli vatandoshimiz Jahongir Norboevga kelgusi musobaqalardagi ishtirokida omad va zafarlar yor bo`lishini tilab qolamiz!