Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi soxta bo`yruq tayyorlash bilan shug`ulladimi? Vazirlikning murojaatchi S.Nodirovaga yuborgan xatida bu ochiq-oydin aytilgan. Xatda soxta bo`yruq tayyorlangani aytilgan-u, ammo kimga jazo berilgani izohlanmagan.
Navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani “Uzun” MFYda yashovchi ayni damda na sobiq, na amaldagi bog`cha mudirasi Sohiba Nodirova tomonidan kelib tushdi. Murojaatchi o`z murojaatida unga nisbatan nohaqlik, adolatsizlikka yo`l qo`yilayotgani va eng asosiysi ish faoliyati davomida turli tazyiqlar, tuhmat-bo`htonlar salomatligiga jiddiy ta`sir ko`rsatganini bildirgan. Va bu voqealarning bosh “aybdor”i sifatida Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i A. Alimardonovni ko`rsatgan. Xo`sh, bu ayblov qanchalik haqiqatga yaqin? Bundan tashqari, boshqarma boshlig`i bir kunda bir xil bo`yruq orqali ikki nafar xodimni mudira vazifasiga tayinlagani va bo`yruqlardan birini vazirlikka yuborgani ham rostmi?
NAJOT ISTAB…
Murojaatchining O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstrasiyasidan tortib, bir qator yuqori turuvchi vazirliklar, tashkilotlarga yozgan arizasi aynan shunday deb nomlanadi.
2018 yilning 1 avgust sanasida Qashqadaryo viloyat bandlik bosh 661boshqarmasi davlat huquq inspeksiyasi tomonidan S.Nodirova rah233barligi ostidagi Qamashi tumanidagi 14-sonli MTMda “o`rganish ishlari” o`tkaziladi. Bunga sabab esa o`sha vaqtda tarbiyachi bo`lib ishlab kelgan D.Qulmuradovaning ishga qabul qilish to`g`risidagi bo`yrug`ining bor yoki yo`qligi asos sifatida ko`rsatib o`tilgan. Xodimning mehnat huquqlarini amalga oshirishga qarshilik qil6ganligi yuzasidan S.Nodirovaga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma tuzilib, uni javobgarlikka tortish bo`yicha ish sudga oshirilgan.
“…Hammasi ana shundan so`ng boshlandi -, deydi S. Nodirova. Aslida esa men bu xodimni ishga qabul qilish yoki uni vazifasidan ozod etishda ishtirok etmaganman. Aniqrog`i, bu menga qadar ushbu bog`chada mudira lavozimida ishlab kelgan S.Allaeva tomonidan chiqarilgan bo`yruq bo`lib, bu ishga mening umuman aloqam yo`q edi. Eng qizig`i, nurab deyarli foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan bu bog`chani qabul qilib olgunimga qadar men ta`lim tizimida uzoq yillar davomida ishlagan pedagog edim. Bundan tashqari, ushbu bog`chada ish boshlagan ilk kezlarimda (sobiq )DSENM xodimlari tomonidan muassasa tarbiyachilarining tibbiy ma`lumotnoma daftarchalari ko`zdan kechirilganda G.Sattorova ismli tarbiyachining soxta tibbiy daftarchasi borligi hamda ushbu bog`cha tarbiyalanuvchi bo`lgan uning qizi yuqumli kasallikka chalinganligini yashirganligini aniqlashgani va tegishli tartibda dalolatnoma tuzishganini bildirib o`tishadi. Shundan so`ng, unga nisbatan ogohlantirish jazosi tayinladim. Ammo, kutilmaganda ota-onalardan bolalarning badal pullari naqd pulda to`langanligi va bu pullarning ayrim qismlarini G.Sattorova o`zlashtirib kelayotgani ham aniqlandi. (Keyinroq esa bu kabi holatlar mazkur bog`cha xodimlari orasida tarqalgan “urf” ekanligi haqida ham eshitdim.) Eng qizig`i, bu holat bir emas, bir necha marta takrorlanganligi (afsuski tarbiyachining o`z qo`li bilan yozib bergan tushuntirish xatlari ham bor) sababli G.Sattorovaga xayfsan e`lon qilishga majbur bo`ldim. G`avg`olar, g`alvalar shu bilan tinchisa qani edi? Qaytanga avj oldi. Surunkali ish qoldirishni odat qilgan G.Sattorovaga bir necha bor yozma va og`zaki ogohlantirish berishimga qaramasdan u ishga kelmay qo`ydi. Shundan so`ng O`zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligi asosida sababsiz ishga kelmagan xodimni ishdan bo`shatish haqida bo`yruq chiqardim.
Avval viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi, so`ngra Prezident virtual qabulxonasi va Respublika Maktabgacha ta`lim vazirligiga tinimsiz nohaq yozilgan arizalar G.Sattorovani aybsiz ishdan bo`shatilgan, meni esa nohaqlikka yo`l qo`ygan mudira sifatida “ko`rsatib berdi”. Xodimlar o`rtasidagi mas`uliyatsizlik, rahbarlarning beqo`nimligi, bola tarbiyasidek nozik va mashaqqatli kasbga bo`lgan sovuqqonlikka jiddiy qarshilik qilishga bo`lgan urinishlarim aks ta`sir etishini o`ylab ham ko`rmabman.
(Aslida tinchgina ish joyim maktabdan qo`yarda-qo`ymay chaqirib olib, so`ngra meni bu g`alvalarga aralashtirgan ham aynan maktabgacha ta`lim boshqarmasi mutasaddilarining o`zi edi.) Ammo, buni ko`ra bila turib, hatto o`rganish ishlaridan keyin yolg`on da`vo o`z isbotini topgan bo`lsa-da, Qamashi tuman ma`muriy sudi raisi B.O`rolov meni aybdor deb ma`muriy huquqbuzar sifatida baholaganini qanday tushunish mumkin? Axir men sobiq mudiraning ishlari uchun javob bermayman-ku. Aynan mana shu holatdan keyin asabiylashib sog`ligimdan ayrilganiman etmaganidek, yillab yiqqan obro`yimning bir pul bo`lgani juda alam qildi. Tumanimizdagi bog`cha mudiralari orasida maktabgacha tarbiyachi mutaxassisligi bo`icha institutni imtiyozli qizil diplom bilan tamomlaganlar bor-yo`g`i 2-3 kishidan iborat xolos”.
Eng achinarlisi esa S.Nodirova shu kunga qadar bir necha bora ushbu bog`chaga mudira vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlangan va undan ozod qilingan. Unga hatto viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i imzosi bilan qaytadan sobiq ish joyi bo`lgan maktabga o`qituvchi sifatida faoliyat yuritishi uchun buyruq ham chiqarilganini eshitib hayratimizni yashira olmadik. Nahotki, maktabgacha ta`lim vazirligi tizimi va Xalq ta`limi tizimi mutlaqo boshqa-boshqa vazirliklarga bo`ysunishi haqida A.Alimardonov bexabar bo`lsa?! Yoki boshqarma har bir ishdan ozod etilgan o`z xodimini istalgan tashkilotga o`z imzosi va bo`yrug`i bilan vazifaga tayinlash vakolatiga ega bo`lsa?
“KUTISh” HAQIDA BERILGAN BUYRUQ
Masalaga oydinlik kiritish va izoh olish maqsadida, tabiiyki viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`i huzurida bo`ldik.
-Avvalo, siz bilan bu masala haqida gaplashishga majbur emasman. Salomlashishdan keyin suhbatimiz diktofonga yozib olinishiga qattiq qarshilik qilgan boshqarma boshlig`i A.Alimardonov savollarimizga quyidagicha javob berdi.
-Siz tilga olgan xodim tuman hokimi (sobiq Qamashi tuman hokimi F.Do`stmurodovni nazarda tutayapti. tahr.) ning tavsiyasidan o`tmagan. Bundan tashqari, S.Nodirovaning ustidan ota-onalar va xodimlar shikoyat arizasi bilan murojaat qilishgan. Bundan xabaringiz bormi? Tag`in ham men u kishiga kutib turishni tayinlagan edim. Boshqarmani sudga bergan. Marhamat, sudning javobini ham kutib turibmiz. Yuqoridagi so`zlarimga xodimlar bo`limi boshlig`i J.Baratov sizga kerakli hujjatlarni taqdim etadi. Bundan tashqari, S.Nodirova haqida ijobiy fikrda emasman. Bu mening shaxsiy qarashlarim va uni siz bilan bo`lishishim shart emas, deb hisoblayman. Shundan so`ng rahbar S.Nodirovaga qo`ng`iroq qilib, unga kutib turishi haqida buyruq berganini “yodiga solib qo`ydi”.
VILOYaT HOKIMI O`RINBOSARIDAN OLINMAGAN RUXSAT
Qisqagina suhbat shu tarzda yakuniga etishi mumkin edi. Ammo, boshqarma boshlig`i viloyat hokimligining matbuot kotibiga bog`lanib, huzurida muxbir borligini hamda u intervyu olishga kelishdan oldin hokimlik matbuot kotibini ogohlantirganmi! yoki yo`qligi bilan qiziqdi. Eng qizig`i shundan so`ng ro`y berdi. Masalaning asl mohiyatidan bexabar hokimlikning matbuot kotibi ham telefon go`shagi orqali muxbirga:
“…hozirda bog`chalarni tekshirish qat`iyan man etilganini, buning ustiga boshqarma boshlig`ini bezovta qilishdan oldin viloyat hokimining ijtimoiy masalalar bo`yicha o`rinbosaridan ruxsat olishi kerakligini ta`kidlab o`tadi.”
Butun boshli Qashqadaryo viloyat hokimligining matbuot kotibiki, masalaning asl mohiyatini, uning qay darajada jiddiy ekanligi bilan qiziqishdan ko`ra, viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshlig`ini “bezovta qilmaslik”ni so`rayotgan ekan, demak, “ayrim rahbarlarda” OAV larga fuqarolarning erkin murojaat yo`llashlari bilan bog`liq muammolar hali ham bor. Hayriyatki, matbuot kotibiga masalaning mohiyati bir amallab tushuntirilgach, (aslida bunga hojat ham, ehtiyoj ham bo`lmasa-da) tushunarsiz muloqot shu erda yakunlanadi.
BOShQARMANING BO`YRUG`I ADOLATDAN (MI?)
Viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasining xodimlar bilan ishlash bo`yicha mutaxassisi J.Baratov S.Nodirova adolatli tarzda mudiralikdan ozod qilinganligi va uning ustidan bir qator shikoyatlar kelib tushganligini isbotlovchi hujjatlar taqdim etishini bildirib o`tdi. Ammo, afsuski boshqarma mutaxassisi tomonidan taqdim etilgan murojaatchining ayblarini isbotlovchi dalillar unchalik ishonarli emas. Masalan, xodimlar va ota-onalarning S.Nodirova ustidan qilgan shikoyatlari ikki xil. Ya`ni, mudiraning ishlaridan kamchilik topib yozib, imzolangan shikoyat arizasining bizga taqdim etilgan nusxasidan avval uni olqishlab, undan minnatdor bo`lib yozilgan tashakkurnomasini qanday tushunish mumkin? Bundan tashqari, J.Baratov boshqarma rahbariyatiga kelib tushgan shikoyat arizasiga ko`ra, 14-MTMdagi daraxtlar noqonuniy tarzda kesilgan va bu ishda S.Nodirova “bosh-qosh” bo`lgan deb bir nechta daraxtlarning suratini yuborgan. Ammo suratlardagi daraxtlar aynan qaerda va qaysi tashkilotda kesib yiqitilganligini aniqlashning imkoni yo`q. S.Nodirova esa buni mutlaqo rad etib, bu daraxtlar bundan bir necha oy ilgari kesilganligini, ammo daraxtlar noto`g`ri o`sib, bog`cha binosiga halal berganligi uchun maxsus dalolatnoma orqali uni kesib, o`rniga yangi nihollar ekkanligini, hozirda bu nihollar ham bo`y cho`zib ancha katta bo`lib qolganligini, buning ustiga kesilgan va qurib qolgan daraxtlar muassasa oshxonasi hamda o`tinxonasida qishda foydalanish uchun o`tin holida taxtlanganligini bildirib o`tdi. Kim rost so`zlayapti, kim yolg`on? Buni aniqlash bizning vazifamizga kirmaydi. Ammo jurnalistikada dalillar, izohlar o`z so`zini aytishi rost. Xolis bo`lishga urinamiz. Agar adolat yuzasidan yondoshib qaraydigan bo`lsak boshqarmaning “unchalik ham yopishmagan ayblov” yuzasidan chiqargan qarori adolatdanmikin?
ASLIYaTDAN YIROQ AYBLOV
S.Abirova: (Sobiq) Qamashi tuman maktabgacha ta`lim bo`limi boshlig`i: Ochig`i men bu gaplarga ishonmayman. Mazkur vazifani tark etgunimga qadar S.Nodirova bilan bir muddat ishlaganman. Bu ayol menda mard, tanti, mehnatsevar, ishbilarmon xodim sifatida taassurot qoldirgan. Chunki, tumanimizdagi 14-MTM eng abgor, og`ir ahvoldagi va deyarli boshqaruv tizimi izdan chiqqan muassasa edi. Bunday deyishimga sabab bog`cha aytarli bilimi ham, dunyoqarashi ham, “ko`zi ham to`q” mudiraga yo`liqmagan. Rosti. S.Nodirova bu bog`chaga kelguniga qadar maktabda o`qituvchilik qilardi. Uni o`zim tavsiya qilganman. Ish hujjatlarini, tartibsiz va mas`uliyatsiz hodimlarni yo`lga solishiga ishonar edim. Afsus, unga nisbatan nohaqlik bo`lganini tan olaman. Bundan tashqari, S.Nodirovani vaqtinchalik mudira vazifasiga tayinlash bo`yrug`i chiqqach, sobiq 14-MTM mudirasi S.Allaeva tomonidan ko`plab nohaqliklar, adolatsizliklar bo`ldi. Masalan, ichki bo`yruqlar daftarining kutilmaganda yo`qolib qolishi va o`rniga bir necha kun o`tgach ohori to`kilmagan yangi daftar tutilishi, muhr va shtampning oylab bermay yurilishi va hokazolar tufayli shaxsan o`zim ham ko`p jabr chekkanman.
B.O`rolov: Qamashi tuman Ma`muriy sudi raisi: Haqiqatdan ham men raislik qilgan sudda S.Nodirova ma`muriy huquqbuzar sifatida baholangan. Ammo, fursat o`tib S.Nodirova xukmdan norozi bo`lib Oliy sudga appellyasiya shikoyati kiritgan va o`z navbatida ishni o`rganib chiqqan Oliy sud chiqarilgan xukmni bekor qilib bergan. Aslida bu ish Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta`lim boshqarmasi tomonidan sudga taqdim etilmasligi, aksincha ichki bo`yruq va teshiruvlar natijasida xodimga rahbariyat tomonidan jazo tayinlashi shart bo`lgan. Lekin, boshqarma xodimni sudga berishga qaror qilgan. Hozirda bu ish bilan viloyat bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi shug`ullanayapti.
VAZIRLIKKA YuBORILGAN IKKI XIL BO`YRUQ
Eng qizig`i, boshqarma boshlig`i bir vaqtning o`zida ikki nafar xodimga bir kunda bir xil raqam va imzo bilan bir xil lavozimga tayinlash bo`yicha bo`yruq chiqargan. 17.02.18 yil 10/-K sonli bo`yruq S.Nodirova bilan birga N.Rustamovaga bir kunda chiqarilgan va har ikkisi ham bitta bog`chaga mudira lavozimiga tayinlangan. Biroq, N.Rustamova aqalli bir kun ham bu vazifada ishlamaganini hisobga olsak, uning taqdiri ham no`malumligicha qolgan. Mazkur bo`yruqlardan biri o`z navbatida Maktabgacha ta`lim vazirligiga jo`natilgan. Ko`rinishidan vaziyat bu taxlit tus olinishini kutmagan boshqarma rahbariyatining oldida faqat shu yo`l bilan qutilib qolish imkoni bo`lgan shekilli. Ya`ni, S.Nodirovani ayblash va uni “tasodifiy xato” orqali chiqarilgan bo`yruqdagi vazifadan ozod etish kerak edi. Ammo, bu xatolik uni shuncha payt o`z yonidan muassasaning og`ir ahvolini tiklash uchun sarf-harajat qilishga, bir necha oy davomida sarson-sargardon bo`lishga, qolaversa salomatligi bilan bog`liq yo`qotishlarga olib kelishga arzirmikin?
VAZIRLIKDAN BERILGAN “XAYFSAN” KIMGA EDI?
Deyarli bir yildan buyon ayollik sha`ni, g`ururi, obro`-e`tibori toptalganidan turli tashkilotlarga shikoyat arizasi bilan murojaat qilib kelgan S.Nodirovaga va nihoyat Maktabgacha ta`lim vazirligi e`tibor qaratdi. Lekin, qaratilgan e`tibor faqatgina qog`ozda qolib ketgandek. Chunki unga yuborilgan javob xatida … “Maktabgacha ta`lim vazirligi Sizning 2019 yil 11-dekabrdagi murojaatingizni o`rganib chiqib quyidagilarni ma`lum qiladi. 2019 yil 14-yanvar kuni bir xil raqamli bo`yruq bilan ikki xil mazmundagi bo`yruq tayyorlab asliga to`g`ri deb chiqarilgan hamda 2018 yil 17-fevraldagi 10/1-k-sonli bo`yruqdan ko`chirma qilingan bo`yruqlarda qo`pol xato va kamchiliklarga yo`l qo`yganligi, lavozim yo`riqnomasida belgilangan o`z xizmat vazifalarini bajarishda mas`uliyatsizlik bilan yondoshganligi hamda me`yoriy hujjatlarda bir qator kamchiliklarga yo`l qo`yganligi sababli “Xayfsan” intizomiy jazosi qo`llanildi”…
Biroq, kimga? Kim tomonidan? Va yana bir haqli savol. S.Nodirovaga qilingan bu nohaqliklar nima bilan tugaydi? Uning kelgusi hayoti, faoliyati taqdiri nima bo`ladi? Bular haqida kim bosh qotiradi? Mavhumlik shu va boshqa savollarning tug`ilishiga sabab bo`lmoqda.