Andijon viloyati IIB YHXB YPX otryadi 2-safarbar guruhi komandiri U.Madumarov va ushbu guruh YPX inspektori I.Atamatovlar joriy yilning 1 fevral kuni Oltinko`l tumani hududida xizmat olib borayotgan vaqtida “Damas” rusumli transport vositasi haydovchisi davlat raqam belgisini o`zboshimchalik bilan o`zgartirib olganligi aniqlandi.
YPX inspektori I.Atamatov tomonidan mashina o`rnatilgan tartibda to`xtatilgan va haydovchi J.N.ga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Muloqot jarayonida haydovchi J.N. tanishi B.R. bilan javobgarlikdan qochish maqsadida guruh komandiri U.Madumarovga, avtomobilini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga 300 ming so`m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
Xodimning bildirgisiga ko`ra, o`tkazilgan tezkor tadbir davomida joriy yilning 1 fevral kuni fuqaro B.R. guruh komandiri U.Madumarovga 200 ming so`m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB Axborot xizmati xabarida.






