AsosiyJamiyat

Deputat Maqsud Qurbonboev: "Rahbar ishxonada bo`lsa, xodim uyiga ketolmaydimi?"

'Deputat Maqsud Qurbonboev: "Rahbar ishxonada bo`lsa, xodim uyiga ketolmaydimi?"'ning rasmi

Qaerdaki, tartib-intizom mustahkam bo`lsa, shu erda ish unumi yuqori, albatta, kayfiyat ham shunga yarasha bo`ladi. Buni yozilmagan qoida deyish mumkin. Biroq mamlakatimizda mehnat munosabatlari qonun bilan tartibga solingan.

Masalan, O`zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida xodim uchun ish vaqtining normal muddatlari belgilab berilgan. Kodeksning 115-moddasiga ko`ra, xodimlar uchun haftasiga qirq soatdan ortiq bo`lmagan ish vaqti normasi belgilangan. Ya`ni, 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa, 8 soatdan ortib ketmasligi lozim.

Huquqiy baza ta`minlangan ekan, xo`sh, nega ko`p hollarda, ayniqsa, iqtisodiy sohada bu normalarga rioya qilinmayapti?

Yaqinda internet tarmog`ida dunyo bo`yicha qaysi mamlakatda bir yilda o`rtacha ish soati qanchaga to`g`ri kelishi haqidagi maqolani ko`rib qoldim.Unda eng ko`p ishlaydigan davlatlar Meksika va Kosta-Rika deb ko`rsatilgan. Bu davlatlarda xodim bir yilda 2200 soat ishlar ekan. Bu bir kunlik ish vaqti o`rtacha 8 soatga to`g`ri kelishini bildiradi. Germaniyada esa, bu ko`rsatkich yillik 1363 soatni yoki kuniga 5 soatni tashkil qilar ekan.

Prezidentimiz tomonidan ish vaqtini tartibga solish masalasi ancha ilgari o`rtaga tashlangan edi. Afsuski, mutasaddi rahbarlarning mas`uliyatsizligi, mehnat munosabatlariga befarqligi natijasida bu borada sezilarli siljishlar bo`lmayapti.

O`ylab qarasak, bugungi kunda ish vaqtining normal muddatiga amal qilishda ikki ko`rinishdagi holatga duch kelinmoqda. Birinchisi, ortiqcha ish soatlariga yo`l qo`yilayotganidir. Masalan, ish kuni soat 9 dan 18 gacha qilib belgilangan bo`lishiga qaramasdan, xodimlar ushbu muddat ichida bajarilmagan ishlarni ish vaqti tugaganidan keyin bajarishga majbur bo`lishyapti, ya`ni ish soati odatdagi 8 soat o`rniga 10 yoki 12 soatga cho`zilyapti.

Bundan kimga foyda, kimga zarar? To`g`rirog`i, foydasidan zarari ko`proq.

Birinchidan, bu xodimning mehnat unumdorligini pasaytiradi. Ikkinchidan, bu tashkilot uchun iqtisodiy tarafdan ortiqcha xarajatga (masalan, ortiqcha elektr energiyasi, suv va hokazolar sarfi) olib keladi. Uchinchidan, xodimning o`z oilasi davrasida o`tkazadigan vaqti qisqaradi. Bu, ayniqsa, farzandlar tarbiyasida o`z salbiy ta`sirini ko`rsatishi mumkin. Bundan tashqari, xodimlarni dam olish kunlari ham asossiz ravishda ishga jalb etish holatlari ham mavjud.

Endi ikkinchi holatga nazar tashlaydigan bo`lsak, ayrim vazirlik va tashkilotlarda ish vaqti Mehnat kodeksi normalariga emas, aksincha, rahbariyatning ishda bo`lish-bo`lmasligiga qarab belgilanmoqda. Ayrimlar rahbarning ishdan ketish vaqtini poylash bilan umrini o`tkazayotgani sir emas axir.

Xulosa qiladigan bo`lsak, har bir sohada ish hajmini aniq belgilab olish, shu asosda xodimlarga ish haqi to`lash, belgilangan ish vaqtiga qat`iy rioya qilishni tartibga solish zarur. Qo`shimcha mehnat soati uchun to`lovlarni amalga oshirishni yo`lga qo`yish ham maqsadga muvofiqdir.

Eng muhimi, ushbu normalarning bajarilishini qat`iy nazorat ostiga olish, buning uchun tegishli tashkilotlar nufuzi va mas`uliyatini oshirish lozim, deb hisoblayman.

 

    Boshqa yangiliklar