Maktabgacha ta`lim vazirligi Matbuot xizmatining "Darakchi"ga ma`lum qilishicha, 2020 yil yanvar oyidan boshlab maktabgacha ta`lim muassasalarida xoreograf lavozimi joriy etildi. Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida faoliyat olib boruvchi pedagoglarni o`yin shaklidagi yangi pedagogik texnologiyalar bilan tanishtirish, bolalarda musiqiy qobiliyat va iste`dodni to`g`ri tarbiyalash ishlarini yo`lga qo`yishga erishish asosiy maqsad qilib olindi.
O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi va Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi o`rtasida imzolangan hamkorlik to`g`risidagi memorandum, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning muhim besh tashabbusi doirasida bolalarni musika va raqs san`atiga bo`lgan qiziqishini orttirish maqsadida, 2020 yil 1 fevral kuni Oliy maktabda “Maktabgacha yoshdagi bolalarni musiqa va san`atga qiziqishlarini oshirish va maktabgacha ta`lim tashkilotlari xoreograflarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish” mavzusida birinchi amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur amaliy seminarda Toshkent shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalaridan xoreograflar, pedagoglar va tarbiyalanuvchilar ishtirok etishdi.
Seminarni kirish so`zi bilan Oliy maktab rektori Shuxrat Maxmutovich Toxtasimov ochib berdi.
Maktabgacha ta`lim vazirligining Pedagog kadrlarini sifatini oshirish va pedagogik kollejlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i Qahramon Tanzilovich Olimov so`zga chiqib, hamkorlining istiqbolli rejalari haqida so`zladi.
Oliy maktab “Xoreografiya” kafedrasi mudiri Durdona Mamajonovna Abduhakimova bolalarning musiqa va raqs san`atiga qiziqishlarini oshirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini qo`llab-quvvatlash haqida o`z fikrlarini bildirdi.
Amaliy seminar davomida maktabgacha ta`lim muassasalari xoreograflari uchun raqs namunalari ko`rsatildi. Hususan, oliy maktab pedagoglari tomonidan “Bolalar uchun ritmika mashg`ulotlarini tashki etish tartiblari” va “Bolalar uchun raqslar” mavzularida mahorat darslari namoyish etildi.