AsosiyJamiyat

Suvni ham, pul ham tejaylik

'Suvni ham, pul ham tejaylik'ning rasmi

So`nggi paytlarda kommunal to`lov narxlarining oshib ketayotganligi ko`plab muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Lekin birgina sovuq suv uchun to`lovlar Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng arzon tariflar bizning yurtimizda ekanligini, yillar davomida soha e`tiborsiz qoldirilish oqibatida moddiy-texnik bazasi eskirib, debitorlik qarziga kirib ketganligi haqida bilasizmi?

Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi Axborot xizmati boshlig`i Alipasha Ahmedov mavzuga shunday izoh beradi:

- Sir emas, ko`p yillar davomida suv ta`minoti sohasida pasaytirilgan tarif siyosati yuritilgan. Lekin bugungi kunga kelib, bu tizim suv ta`minoti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatiga salbiy ta`sir ko`rsatib, ichimlik suvining isrof bo`lishiga olib kelyapti. Ichimlik suvi tariflari elektr energiyasi uchun narxlar oshishi va inflyasiya darajasini e`tiborga olgan holda oshirilayotgan bo`lsa-da, suvni ishlab chiqarish hamda etkazib berishga sarflangan xarajatlar o`zini qoplamaydi. Masalan, respublika bo`yicha o`rtacha 1 m3 toza ichimlik suvini ishlab chiqarish uchun 1100 so`m xarajat qilinadi, aholiga esa o`rtacha respublikamiz bo`yicha 800 so`mdan etkazilyapti, 1 litr suvga hisoblaganda bu ko`rsatgich 0,8 so`mni (80 tiyinni) tashkil etadi. Qoraqalpog`iston Respublikasida 2185 so`m sarf qilinsa, aholiga 1000 so`mdan, Navoiyda 1602 so`m sarf qilinib, aholiga 1100 so`mdan, Toshkent viloyatida 1103 so`m sarf qilinadi va aholiga 650 so`mdan sotiladi.Jahon banki ma`lumotlarga ko`ra, respublikamizda ichimlik suvi tarifi eng past darajada ekan. Bu ko`rsatkichni poytaxtlar misolida ko`radigan bo`lsak, Qozog`istonda 1 m3 suv - 0,12 dollar (yoki 1176 so`m), Qirg`izistonda - 0,09 dollar (882 so`m), Tojikistonda - 0,05 dollar (490 so`m), O`zbekistonda - 0,03 dollar (310 so`m)ni tashkil etadi. Bundan tashqari, bugungi kundagi tariflarni shakllantirishda sohani modernizasiya qilishga ketgan xarajatlar hisobga olinmayapti. Tariflarni belgilashda yuzaga kelgan bunday holat sohaga sarmoyalar, jumladan, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarning jalb etilishiga, suv ta`minoti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatiga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Ichimlik suvi ta`minoti korxonalari faoliyatini samarali yo`lga qo`yishlari uchun o`z mablag`lariga ega emas. 2020 yil 1 yanvar holatiga suv ta`minoti korxonalarining jami debitor qarzdorligi – 411,6 mlrd.so`m bo`lib, shundan aholi 326,3 mlrd.so`m va yuridik tashkilotlari 85,3 mlrd.so`mni tashkil etadi. Natijada hozirgi kunda 27 ming kilometr yoki 38 foiz suv tarmoqlari avariya holatida, 2 mingta yoki 20 foiz suv nasoslari ishdan chiqqan. O`zbekistondagi shaharlarning faqat 79 tasida (57 foiz) kanalizasiya tizimi mavjud, uning ham 23 foizi ta`mirga muhtoj. Tarif siyosatini shakllantirish masalalarida jahon tajribasi va Jahon banki tavsiyalarini o`rganib chiqdik. Xulosa shuki, tariflar erkin bozor iqtisodiyoti talablari asosida shakllantirilmaguncha sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etib bo`lmaydi. Ya`ni tariflarni xizmatlar tannarxini to`liq qoplash va modernizasiya xarajatlarini hisobga olgan holda belgilash prinsipiga o`tishimiz lozim.

    Boshqa yangiliklar