1

Zoyir Mirzaev: "Maktabgacha ta`lim tizimida yangicha ishlashni o`rganishimiz kerak..."

Jamiyat 05.02.2020, 15:25
Zoyir Mirzaev: "Maktabgacha ta`lim tizimida yangicha ishlashni o`rganishimiz kerak..."

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaevning viloyatdagi maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbarlari bilan uchrashuvida sohadagi kamchiliklar, muammolar, kechiktirmasdan hal qilinishi lozim bo`lgan masalalar muhokama qilindi.

Ta`kidlandiki, bugungi kunda viloyatdagi mavjud bog`chalarda 38,6 foiz maktabgacha yoshdagi bolalar qamrab olingan. Hududlardagi 247 ta mahallada birorta ham bog`cha yo`q. Ayniqsa, Chiroqchi, Qamashi va Dehqonobod tumanlarida bolalar qamrovi juda past.

Viloyat hokimi mavjud bog`chalarning ko`pchiligining faoliyati qoniqarli emasligini, bolalarni ovqatlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratish lozimligini, bu borada outsorsing tizimini yanada takomillashtirish, bolalar qamrovini oshirish uchun oilaviy bog`chalarni ko`paytirish kerakligini qayd etdi.

photo5316740505800911982.jpg

– Viloyatda soha faoliyatini rivojlantirish uchun joriy yildan boshlab yangicha uslubda ishlanadi, – dedi viloyat hokimi. – Bog`chalar o`rtasida viloyat hokimi sovrini uchun maxsus tanlovlar tashkil etilib, har chorakda yaxshi ishlagan va samarali natijaga erishgan 5 davlat va 5 nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Outsorsing musobaqalari uyushtiriladi. Oshpazlarni o`qitadigan o`quv kurslari faoliyati yo`lga qo`yiladi. Har oyda bir marta namunali bog`chalar tajribasini ommalashtirishga bag`ishlangan seminarlar o`tkaziladi. Davlat va nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida sog`lom raqobat muhiti shakllantiriladi. Maqsad bolajonlarga sifatli ta`lim-tarbiya berish, qulay shart-sharoitlar yaratish.

Tadbir davomida hokim soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularning murojaat va takliflarini ham tingladi. Ko`plab muammolarga shu erning o`zida echim topildi.

Shuningdek, viloyat hokimi bolalar uchun bugungi bog`chalarda yaratilgan sharoitlar ko`rgazmasi bilan ham tanishdi va o`z taklif mulohazalarini bildirdi.

Tadbir so`nggida namunali ishlagan bir guruh bog`chalar rahbarlari va tarbiyachilari viloyat hokimi tomonidan qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1