1

Turkiyaning nufuzli universitetlarida bepul o`qish dasturi uchun hujjatlar qabul qilinmoqda

Jamiyat 05.02.2020, 21:16
Turkiyaning nufuzli universitetlarida bepul o`qish dasturi uchun hujjatlar qabul qilinmoqda

4 fevral kuni O`zbekiston Yoshlar ittifoqida Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakillari, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi mutasaddilari hamda OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Ushbu anjumanda ya`ni Turkiya oliy ta`lim maskanlarida bepul ta`lim grantlari haqida so`z yuritilib, unda Xorijiy turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi boshlig`i Ahmad Atabash rahbarligidagi delegasiya ham ishtirok etdi.

Ahmad Atabashning ma`lum qilishicha, Turkiyaning eng nufuzli oliy ta`lim muassasalarida mutlaqo bepul ta`lim olish uchun hujjatlar qabuli 20 fevralgacha davom etadi. Ta`lim grantlari bakalavriat, magistratura, doktorantura kabi akademik darajalar uchun birdek qabul qilinadi. Grant tanlangan yo`nalish bo`yicha o`quv muddati, turk tilini o`rganish o`quv kursini (1 yil) va boshqa xarajatlarni o`z ichiga oladi.

Ta`kidlanishicha, grant sohibi bo`lgan yoshlar Turkiyadagi eng nufuzli universitetlarda to`liq bepul oliy ta`lim olish imkoniyatini qo`lga kiritishi bilan bir qatorda ularga bir marta borish va tahsilni tugatgandan keyingi aviachipta, bir yillik turk tili o`quv kursi, ta`lim to`lovlari, turar joy, oylik stipendiyalar, barcha tibbiy muassasalarda qabul qilinadigan umumiy tibbiy sug`urta bilan ta`minlanadi.

Bakalavr yo`nalishiga hujjat topshiruvchilar o`rta maktab, akademik lisey yoki kollej bitiruvchisi bo`lishi va diplom yoki attestatidagi baholar umumiy ko`rsatkichi 70 ball va undan yuqori bo`lishi zarur. Shundagina ular keyingi tanlov bosqichiga chiqishadi.

Hujjatlar https://www.turkiyeburslari.gov.tr/ veb-sahifasi orqali onlayn qabul qilinadi, talabgorlar ushbu saytdan o`zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topishlari mumkin.

Bu yilgi grant dasturida 4 ming kishiga grant ajratilgan.

Dilfuza SOBIROVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1