Ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjlardagi qator post va nashrlarda Toshkent metrosining Sergeli er usti liniyasi, hamda poytaxt halqa metro liniyasi qurilish maydonchalaridan olingan bir qator fotosuratlar jamoatchilikni tashvishga solmoqda.
Mazkur nashrlar va fotomateriallar "O`zbekiston temir yo`llari" AJning qurilish sohasidagi malakali mutaxassislari tomonidan diqqat bilan o`rganib chiqilib, ushbu masalaga oydinlik kiritilganligini ma`lum qilib, munosabat bildirgan hamyurtlarimizning o`z fuqarolik pozisiyasining ifodasi va befarq emasliklari uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.
“Albatta, har bir inson o`z yurtida bunyod qilinayotgan inshootlarning ishonchli bo`lishiga xayrixohlik bildirib, ularning sifat darajasidan xavotirlanishi tabiiy, deb o`ylaymiz. Lekin shuni alohida qayd etish lozimki, O`zbekiston Respublikasi xududidagi har bir qurilish ob`ektining sifati ustidan davlat, idoraviy, mualliflik va jamoatchilik nazoratining ko`p bosqichli tizimi mavjud bo`lib, har bir qurilish maydonchalarida nazorat qiluvchi idoralar vakillarining tashrifi va ular tomonidan amalga oshirilayotgan tekshiruv natijalari tegishli hujjatlar, jumladan, foto va video materiallar, shuningdek, elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Muayyan kamchiliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish uchun tegishli choralar ko`riladi.
Jonkuyar jamoatchilik vakilining foto materiallarida qayd etilgan sharhlarga kelsak, mutaxassislarimiz quyidagilarni ma`lum qiladi:
- Fotosuratlardagi asosiy e`tirozli sharhlar tayanch ustunlari va ular ustidan o`rnatilgan rigellarning birlashgan joyida ko`zga tashlanib turgan tirqish. Qurilish-montaj ishlarini bajarish texnik qoidalariga ko`ra bunday holat tabiiydir. Chunki qaralayotgan oraliqdagi to`sinlar o`rnatilayotganida hamda tayanch rigelini uning ustuni ustiga montaj qilinayotganida, tayanchlar sathlarining, loyihada ko`zda tutilgan, o`zgarib borishi ta`sirida oraliq qurilma to`sini o`z o`rnatilayotgan rigel yuzasiga bir tekis yotmasligi oqibatidir. Biroq, yana bir bor eslatib o`tamizki, bunday holat loyihada ko`zda tutiladi;
- Jahon qurilish tajribasidan ma`lumki, bunday holatni bartaraf qilish uchun qum-sementli mayin qorishma yordamida bunday tiriqishlar pardozlov ishlari mobaynida to`ldirib, bartaraf etiladi. Ushbu muolaja tayanchlar, rigellar yoki temirbeton to`sinlarning yuk ko`tarish qobiliyatiga, hamda ustivorligiga ta`sir qilmaydi. O`z navbatida bunday holatlar qurilayotgan inshooatning sifatsiz yoki ishga yaroqli, yaroqsizligini anglatmaydi;
- Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan sur`atlar qurilish jarayonida tasvirga olingan. Suratlarda aks ettirilgan darzlar zo`riqishli holat ta`sirida vujudga kelmagan bo`lib, asosan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish jarayonida paydo bo`ladi va odatda yakunlovchi ishlarini bajarish vaqtida bartaraf qilinadi. Ob`ektni ishga tushirishdan oldin, barcha tuzilmalarni, shu jumladan barcha tayanchlarni, ustunlar hamda boshqa yuk ko`taruvchi konstruksiyalarni sinchkovlik bilan o`rganib chiqiladi” — deya rasmiy ixoh berilgan.
ESLATMA: Qurilayotgan er usti metro yo`lining ishonchliligi to`g`risida, quruvchilik ixtisosligiga ega bo`lmagan ba`zi shaxslarning shoshqaloqlik bilan qilgan fikrlaridan xavotirda bo`layogan yurtdoshlarimizni ishontirib aytamizki, qurilish ishlari, ushbu turdagi ishlarga mos keladigan, mazkur sohaning etuk ekspertlari ko`rigidan o`tgan, hamda o`rnatilgan tartibda muhokama qilinib tasdiqlangan qurilish me`yorlari va talablariga muvofiq ravishda olib borilmoqda. Shu bois, qandaydir shubhalanishga tushib, xavotirlanishga hech qanday hojat yo`q. Ushbu loyihani amalga oshiruvchi “Ko`prikqurilish” tresti UK mamlakatimizda va chet ellarda avtomobil va temir yo`l ko`priklari, transport tonnellari va transportga oid boshqa turdagi sun`iy inshootlarini qurish sohasida etakchi korxona hisoblanadi. "Ko`prikqurilish" tresti UK quruqlikda ham, suvda ham bunday ishlarni bajarish uchun zarur bo`lgan zamonaviy texnika va texnologiyalarga ega. Misol qilib aytadigan bo`lsak, poytaxtda qurilgan deyarli barcha ko`priklar va yo`l o`tkazgichlar, aynan mazkur korxona mutaxassislarining mehnati bilan amalga oshirilib kelinmoqda. Temir yo`l quruvchilari murakkab ishlarni amalga oshirishda kerak bo`ladigan uskunalar va temirbeton konstruksiyalarni trestga qarashli korxonalarda ishlab chiqaradilar. Bundan tashqari, O`zbekistonlik mashinasozlarning yordami bilan "Teknolog" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlangan burg`ulash uskunalaridan foydalanib, murakkab gidrogeologik sharoitlarda ko`prik va yo`l o`tkazgichlar qurish ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqdalar.
Ta`kidlash kerakki, korxonaga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yo`llar, temir yo`l ko`priklari, yo`l o`tkazgichlari, tonnellar va transportga oid boshqa sun`iy inshootlarni qurish bo`yicha qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun lisenziya berilgan, deya qo`shimcha qilgan Jamiyatning Axborot-tahliliy media markazi






