O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 59-son qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 fevralidan boshlab, oliy ta`lim muassasalarida Talabalarni rag`batlantirish jamg`armasi shakllantirilib, iqtidorli, faol hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar qo`shimcha rag`batlantirilib boriladi. Bu haqda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi xabar berdi.
Jumladan,
o`quv semestri yakuni bo`yicha fanlardan o`zlashtirish ko`rsatkichlari “a`lo” baho (reyting ko`rsatkichi – 86 ball va undan yuqori) bo`lgan, stipendiyasiz to`lov-kontrakt asosida ta`lim olayotgan talabalarga stipendiya bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida;
Iqtidorli, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to`lov-kontrakt asosida ta`lim olayotgan talabalarga ularga belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo`shimcha 50 foizgacha miqdorda;
Xalqaro, respublika va oliy ta`lim miqyosida o`tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari g`oliblariga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo`lgan bir martalik rag`batlantirish;
Oliy ta`lim muassasasi kengashi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq alohida hollarda (kasalligi yoki oila a`zolarining vafoti kabi) talabalarga bazaviy stipendiyaga nisbatan 10 baravargacha miqdorda bo`lgan bir martalik moddiy yordam beriladi.
Jamg`arma stipendiya to`lovi uchun rejalashtirilgan mablag`larning 10 foizi miqdoridagi O`zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag`lari, to`lov-kontrakt bo`yicha tegishli moliya yili uchun rejalashtirilgan tushumlarning 2 foizi miqdoridagi mablag`larhisobidan shakllantiriladi.
Avvalroq Talabalar uchun stipendiyalarning belgilangan miqdori tasdiqlangani haqida xabar bergandik.






