AsosiyJamiyat

Toshkentdagi nodavlat o`quv markazi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi

'Toshkentdagi nodavlat o`quv markazi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi'ning rasmi

Toshkentda faoliyat yuritayotgan “BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat ta`lim markazi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug`bek tumani bo`limi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining qonuniy huquq manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda,  “BRITISH FOUNDATION TASHKENT” nodavlat ta`lim markazi mansabdor shaxslarining kirdikorlari fosh bo`ldi. Ular markazga o`qish istagida murojaat qilgan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab, Buyuk Britaniyaning ta`lim standartlari yo`nalishi bo`yicha 3 oydan 9 oygacha sifatli ta`lim berishni va kelgusida Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlaridan birida tahsil olishlarini va`da bergan. Markazning yakuniy imtihonlaridan o`tolmagan o`quvchilar esa Toshkent shahridagi “Westminster” universiteti yoki Singapur menejmenti institutiga o`qishga qabul qilinishiga ishontirib yolg`on va`dalar berishgan. Buning uchun 30 nafar o`quvchining har biridan 7 000 AQSh dollaridan, jami 210 000 AQSh dollarini o`quv to`lovi sifatida qo`lga kiritganliklari aniqlangan. 

Shuningdek tekshiruvda, markaz mansabdor shaxslari o`quvchilardan olingan jami 82,7 mln. so`m pul mablag`larini markazga kirim qilmaganliklari, markazga tegishli bo`lgan korporativ plastik kartaga juda ko`p miqdordagi pullarni tushirib, o`zlariga ortiqcha ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni hisoblab, jami 674,6 mln. so`m miqdordagi pul mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan “BRITISH FOUNDATION TASHKENT”NTM mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.

    Boshqa yangiliklar