1

Yosh oshpazlar xalqaro olimpiadasida o`zbekistonlik oshpazlar kuchli o`nlikka kirdi

Jamiyat 07.02.2020, 09:16
Yosh oshpazlar xalqaro olimpiadasida o`zbekistonlik oshpazlar kuchli o`nlikka kirdi

O`zbekiston oshpazlar uyushmasidan xabar berishicha, yurtimizning yosh oshpazlari Hindistonda o`tkazilgan “Yosh oshpazlar xalqaro olimpiadasi-2020”da kuchli o`nlikdan munosib o`rin olgan.

Har yili fevral oyining birinchi haftasida an`anaviy o`tkazib kelinayotgan mazkur tanlovda Italiya, Fransiya, Irlandiya, Indoneziya kabi 55 davlatdan vakillar ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.

– Uch bosqichli tanlovning birinchi shartida bir yarim soatda tovuq go`shtidan taom tayyorlash va uni ta`riflash kerak edi, – deydi yosh oshpaz Ahmadjon Hamdamov. – O`zbek va Evropa taomlarining birlashmasidan qatlama xamirdan foydalanib tayyorlagan yangi turdagi taom hammaga ma`qul bo`ldi. Ikkinchi bosqichda esa vegetarianlarga mo`ljallangan taom va desert tayyorladim. Shu tariqa so`nggi bosqichga o`n davlatdan kelgan oshpazlar saralanib qoldi.

Qovoqdan tayyorlangan manti hindistonlik hay`at a`zolarini hayratiga sazovor bo`ldi. Uy bekalarimiz tez-tez tayyorlaydigan bu taom ular uchun juda qiyin va murakkab ovqatlardan biri hisoblanar ekan. Yonoqdan tayyorlangan desert ham ko`pchilikka manzur bo`ldi.

25 yoshgacha bo`lgan yosh oshpazlar ishtirok etgan tanlovning so`nggi bosqichda bir yarim soatlik muddatda tayyorlangan taomga nom berilmas ekan. Tanlovda adolatni ta`minlash va e`tirozlarga o`rin qoldirmaslik uchun hay`at a`zolari bu taomning qaysi davlat vakillari tayyorlaganini bilishi shart emas, ular, mazasiga qarab baho qo`yar ekan.

Mazkur tanlov faqat ovqatlar tayyorlash bilan cheklanib qolmaydi. Balki, unda yosh oshpazlar bir-biri bilan tajriba almashishi, malaka oshirishi uchun ham imkoniyat mavjud.

Qayd etish kerakki, olimpiada doirasida O`zbekiston oshpazlar uyushmasi bilan Hindiston xalqaro mehmonxonalar menejment universiteti hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu esa kelgusida hind va o`zbek yosh oshpazlari o`zaro tajriba almashishiga imkon yaratadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1