AsosiyJamiyat

“O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi” tanlovining yakuniy bosqichi o`tkazilmoqda

'“O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi” tanlovining yakuniy bosqichi o`tkazilmoqda'ning rasmi

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida “O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi” III Respublika tanlovining yakuniy bosqichi o`tkazilmoqda. Unda Mazkur tanlovning 2 bosqichida g`olib deb topilgan 300dan ortiq xotin-qizlar ishtirok etmoqda.

Tanlov doirasida “Ixtirochi ayollar-2020” forumi va iqtidorli xotin-qizlarning ishlanmalari, maket va innovasion mahsulotlari bo`yicha ko`rgazma ham bo`lib o`tmoqda.

Tanlovning maqsadi ixtirochilik, rasionalizatorlik va tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib, o`z qobiliyatini namoyon etayotgan yurtimizning iqtidorli  xotin-qizlarini izlab topish, ularning  innovasion  loyihalari,  ishlanmalari, texnika, texnologiya va dasturiy  mahsulotlarini amaliyotga tadbiq etishlarida  amaliy ko`mak berish, har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishdir.

Tanlov natijalariga ko`ra, izlanuvchan va ixtirochi xotin-qizlar “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi”, “Eng yaxshi rasionalizatorlik taklifi”, “Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma`lumotlar bazasi”, “AKT sohasi bo`yicha eng yaxshi innovasion loyiha”, “Eng samarali innovasion loyiha”, “Iqtidorli qizning istiqbolli innovasion g`oyasi”, “Eng yaxshi biznes loyiha”, “Omadli start”, “Hunarmand xotin-qizlarning eng yaxshi innovasion loyihasi” nominasiyalarining g`oliblari aniqlanadi.

Tanlovning birinchi bosqichi 2019 yil 15 – 30 noyabr kunlari bo`lib o`tdi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlariga o`z innovasion loyihalari, ishlanmalari, dasturiy mahsulotlari, rasionalizatorlik takliflarini  joriy etish maqsadida bo`lgan 4000 dan ziyod olima ayollar, tadqiqotchilar, iqtidorli talaba va o`quvchi qizlar, ixtirochi, rasionalizator, muhandis, konstruktor, dasturchi, shifokor, farmasevt, hunarmand, tadbirkor hamda mutaxassis xotin-qizlar o`z ixtirolari, innovasion g`oya, texnologiya va loyihalari bilan ishtirok etdilar.

Ikkinchi bosqich 2019 yil 1 dekabridan 2020 yilning 25 yanvarigacha o`tkazildi.

III Respublika tanlovinining yakuniy bosqichida mamlakatimizning barcha hududlaridan tavsiya etilgan ishtirokchilarning hujjatlari va  innovasion loyihalari Respublika Ekspertlar Kengashi tomonidan ko`rib chiqilmoqda hamda  ularning taqdimotlari eshitilib, keng muhokama qilinmoqda. Loyihalar ichidan 100 ta eng munosibi tanlovning g`olibi sifatida tanlab olinadi va ularni amalga joriy etish choralari ko`riladi.

    Boshqa yangiliklar