O`zbekistonning Malayziyadagi turizm brendi elchisi Daler Yusuf tashabbusi bilan mamlakatimizda Malayziyaning “Zeel Production” kinostudiyasi hamkorligida serial va badiiy film suratga olish loyihasi ishlab chiqilgan edi. Unga ko`ra, Malayziyaning “RTM” teleradiokompaniyasi va “Cinema Malaysia” kinokompaniyasi buyurtmasiga binoan, kinostudiya tomonidan “Juliet” nomli serial hamda “Hamon yonimda bo`lsang edi” (Seandainya kau ada) nomli badiiy filmlarni O`zbekistonda suratga olish ishlari boshlandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va kinostudiya o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, mazkur filmlarning 26 epizodi O`zbekistonda suratga olinadi.
Serial va badiiy filmda mashhur malayziyalik san`atkorlar, xususan, O`zbekistonning Malayziyadagi turizm elchisi Daler Yusuf suratga tushmoqda. Tasvirga olish jarayonlari asosan Toshkent shahrida, shuningdek, “Amirsoy” tog`-chang`i kurorti hamda Xiva shaharlarida o`tkaziladi.
Serial har bir seriyasining efir vaqti 1 soatdan bo`lib, “RTM” telekanalida haftada 7 marta “praym-taym” vaqtida namoyish etiladi hamda uni 3 millionga yaqin oila tomosha qiladi. Badiiy filmning davomiyligi 1 soatu 15 daqiqa bo`lib, Malayziyaning 60 dan ortiq kinoteatrlarida namoyish etiladi.
Chel el kinokompaniyalari tomonidan O`zbekistonda shu kabi filmlarni suratga olish uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning faol targ`ib qilinishi xorijiy kinokompaniyalarni yurtimizga jalb etish yo`lida xizmat qiladi.






