Davlat xizmatlari markazlari hozirda chekka hududdagi mahallalarga ham borib xizmat ko`rsatmoqda. Ular tomonidan 89 yashar onaxon Ayimxon aya Masharipovaga ham tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma olib berildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha 89 yoshga kirgan Ayimxon Masharipova shu paytgacha tug`ilganlik haqidagi guvohnomasiz yashab kelgan. Bu yil umra safariga taraddud ko`rayotgan edi va hujjatlarida kamchilik bo`lgani bois, tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnoma olishga to`g`ri keldi.
Onaxon Chortoq tumanining Hazratishoh qishlog`ida yashaydi. Bu hudud Namangan viloyati markazidan 70, tuman markazidan esa 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Orada masofa olis bo`lgani sababli onaxon yordam so`rab ariza bilan murojaat qilgan.
Uning Chortoq tumani FHDYo bo`limiga bu borada qilgan murojaati darhol ko`rib chiqilib, davlat xizmatlari markazining sayyor faoliyati jarayonida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo`limi bilan hamkorlikda tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi yashash joyiga olib kelib, tantanali ravishda topshirildi.






