Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudida qo`shmachilikni o`ziga kasb qilib olgan ayollarga nisbatan sud hukmi o`qildi.
Ulardan ikki nafari — Muhayyo Nosirova (ism-shariflar shartli) va Sayyora Qodirova mazkur jinoyatlari uchun birinchi marotaba sudlangan bo`lsa, Marg`uba Shokirova uchun bu ikkinchisi yoki uchinchisi emas, naq ettinchi marotaba sudlanishi edi. Bu sudlanishlarning dastlabkisi 2009, oxirgisi esa 2018 yilda qayd etilgan.
Ish hujjatlariga ko`ra, sudlanuvchi M.Shokirova muqaddam bir necha marotaba sudlanganligi, xavfli residivist ekanligiga qaramay, fohishaxona saqlash, shuningdek, qo`shmachilik jinoyatini sodir etgan. Jumladan, 2019 yilning 6 noyabr kuni soat 20:30 atrofida sheriklari bilan oldindan jinoiy til biriktirib, S.Qodirovaga qarashli Namangan shahri, 5a-kichik tumandagi xonadonda 300 000 so`m evaziga 4 nafar yigit-qiz jinsiy aloqa qilishi uchun shart-sharoit yaratib bergani aniqlangan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida kimyoviy ishlov berilgan pullar xolislar ishtirokida tekshirib ko`rish uchun olingan, shuningdek, DVD disk daliliy ashyo sifatida e`tirof etilgan.

Sud majlisida Muhayyo Shokirova unga nisbatan e`lon qilingan ayblovga iqror emasligini bildirgan bo`lsa-da, uning aybi ishda tekshirilgan holatlar, guvohlarning ko`rsatmalari, so`zlashuv stenogrammasi va o`zining tergovdagi dastlabki ko`rsatmasi bilan tasdig`ini topdi.
Marg`uba Shokirova Jinoyat kodeksining 131-moddasi 4-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sheriklari Muhayyo Nosirova va Sayyora Qodirovaga esa tegishli ravishda 4 va 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






